Darveshlar kosasi

Darveshlar kosasi

“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi saqlanayotgan Kashkul (qalandar qovoq) – darveshlar kosasi.

Darveshlar sadaqa yig‘ishda va suv solishga kosa sifatida ishlatgan idish. Dastlab kashkulni seyshel yong‘og‘ining po‘chog‘idan tayyorlashgan. Keyinroq mis, jez, qovoqdan foydalanishgan. “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyasidagi kashkul ham seyshel yong‘og‘idan qilingan. Mahsulot qatlamli o‘yma naqshlarga boy. Yuqori qatlamiga chirmashgan novdani ifodalovchi islimiy naqshi tushirilgan. Ikkinchisi, ancha kengrog‘i erkin joylashtirilgan gul va yaproqlar bilan bezatilgan. Uchinchi, eng pastki qatlam ham gullar va qushlar motivi bilan to‘ldirilgan. Bu yerda kiyikka hujum qilayotgan mushuksimonlar oilasidan bo‘lgan ulkan yirtqichni ko‘rish mumkin. Bodomsimon madohil ichida, markazda chiroyli tulporda tog‘li o‘rmonda ov qilayotgan shoh tasvirlangan. 

Shohning o‘ng qo‘lida uchishga shay turgan ov qushi bor. Syujet Firdavsiyning “Shohnomasi”ga aloqador bo‘lishi mumkin. Kashkulning ichki tarafida chetiga arab tilida «Ya soqiyi kavsar» (tarjimasi – «Ey, kavsar suvini yetkazib beruvchi») deya yozilgan. Ushbu kashkul Qo‘qonga qanday kelib qolgani haqida bir nechta taxminlar bor, xolos.
 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Darveshlar kosasi