
Yakuniy hujjatda shunday ta’kidlanadi: “Bevosita O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan O’zbekistonda Yangi Uyg’onish davri – Yangi Renessans davri poydevori qo’yilmoqda, bu esa mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada tub o’zgarishlarni amalga oshirishda ham o’z ifodasini topmoqda”.
Shuningdek, olimlar O’zbekistonda gumanitar fan va madaniyat sohasida keng ko’lamli tadbirlar tashkil etilayotgani va amalga oshirilayotgani, davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo’yicha 2017-2027 yillarga 10 yillik Davlat dasturi qabul qilinganini ta’kidladilar. Buning yorqin misoli – birgina joriy yilning o’zida Samarqandda 7 ta yangi muzey tashkil etilmoqda. “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti ochildi.
Bosh Assambleyaning "Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to'g'risida"gi konvensiyaga a'zo davlatlarning Parijda bo’lib o’tgan 8-sessiyasida O’zbekistonning YUNESKO nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish qo’mitasiga a’zo etib saylangani mamlakatimizning o’tgan asrlardagi noyob madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarining g’oyat muhim e’tirofi bo‘ldi.
O’zbekiston madaniy merosini o’rganish, asrash va ommalashtirish bo’yicha Butunjahon jamiyatining olti yillik faoliyati davomida “O’zbekiston madaniy merosi jahon to’plamlarida” eksklyuziv xalqaro turkumining 60 jildligi chop etildi. “O’zbekiston me’moriy epigrafiyasi”, “O’zbekiston madaniyati va fani olimlar ijodida” turkumlari bo’yicha ishlar davom ettirilib, 60 dan ortiq film suratga olindi, O’zbekistonda va xorijda ko’plab media-forumlar o’tkazildi. Olimlar o’rtasida samarali muloqotni ta’minlovchi ushbu harakat dasturini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati, Eriell Group vakili bo’lgan ijtimoiy mas’uliyatli biznes va qator xalqaro gumanitar tashkilotlar ko’magisiz amalga oshirib bo’lmas edi”, deyiladi deklaratsiyada.
Bundan tashqari, Jahon jamiyati aʼzolari joriy yilning 22-24 iyul kunlari bo’lib o’tgan “O’zbekiston madaniy merosi – yangi Uygʻonish davri poydevori” VI Xalqaro kongressining tashkil etilganligini yuqori baholadi. Ular buni 32 mamlakatdan 350 nafar ishtirokchini birlashtirgan ilmiy olamda muhim voqea deb atadi. 100 dan ortiq ma’ruzalar o’qilib, davra suhbatlari, sessiyalar o‘tkazildi.
VI kongress ishida Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlaridan olimlar ilk bor ishtirok etgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: Kongress ishida 350 dan ortiq kishi qatnashdi. Bular jahonga mashhur sharqshunos olimlar, 6 nafar xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 50 nafar taniqli xalqaro muzeylar direktorlari, 15 nafar akademik, 25 nafar professor, 22 nafar fan doktori, muzey xodimlari, madaniyat va san’atni yoritishda faoliyat yuritayotgan, O’zbekiston madaniy merosini o’rganish va asrab-avaylashga qiziquvchi OAV vakillari va xodimlaridir.
Butunjahon jamiyati “O’zbekiston madaniy merosi jahon to’plamlarida” loyihasi asosida tashkil etilgan va 2018 yilda Parijda rasmiy ro’yxatdan o’tgan. Loyihaning bosh homiysi Eriell Group neft konlari xizmatlari kompaniyasi hisoblanadi. Shuningdek, u Butunjahon jamiyati bilan bir qatorda Kongress tashkilotchisi hisoblanadi. Loyiha muallifi Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.












































