"Chuqurda"gi masjid va atir sotuvchilar joyi

"Chuqurda"gi masjid va atir sotuvchilar joyi

Mag‘oki Attori masjidi - Buxoro shahrining markazida, Shohrud bosh anhorining sohilida joylashgan ajoyib me’moriy yodgorlik. 

"Chuqurda"gi masjid va atir sotuvchilar joyi
Masjidning tungi ko'rinishi

Arablar istilosidan ancha oldin bu yerda buddaviylarning monastiri, keyinroq Moh (Oy) ibodatxonasi joylashgan. XII asrda uning o‘rnida qurilgan masjid “chuqurda” degan ma’noni anglatuvchi “Mag‘ok” nomi bilan mashhur bo‘ladi, chunki o‘sha vaqtga kelib, binoning poydevori madaniy qatlamlar hisobiga ancha chuqurda qolib ketgan edi. O‘z navbatida “Attori” so‘zi “xushbo‘y atir-upa, ziravorlar va dorivor o‘tlar sotuvchi” ya’ni “attor” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, ularning savdo qatori shu yerga yaqin joylashgan edi. 

 

Masjidning atrofi daraxtlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ularning soyasida yiliga ikki marta katta bozor tashkil qilinar edi. Asrlar osha yodgorlik atrofidagi madaniy qatlamlar tobora ko‘tarilib borgan va hozir masjid zamonaviy shaharning joylashgan sathidan 6 metr pastroqda qolib ketgan. 

 

1546–1547-yillarda masjid qayta restavratsiya qilingan, sharqiy peshtoqdagi suls husnixatida yozilgan yozuvdan ko‘rinadiki, bu bino XVI asrda qo‘shilgan va u yarmi yer ostida joylashgan oltita ustunli zalga olib kiradi. 1934-yilda mashhur xalq hunarmandlari Usta Shirin Murodov va Nabijon Hafizov ishtirokida olib borilgan restavratsiya ishlari natijasida masjidning bosh, janubiy peshtoqi ochildi. 

 

Mazkur XII asrning o‘ziga xos yodgorligi, ilk islom davri me’morchiligining haqiqiy durdonasidir. Uning peshtoqi o‘yma ganch bezaklariga ulangan o‘yma terrakotalar bilan va ichkariga kirish arkining arxivolti bo‘ylab ko‘k rangli mayolikali yozuvlar bilan bezatilgan. Keyinchalik u butunlay qayta tiklangan va mustahkamlab chiqilgan. Yodgorlik atrofi obodonlashtirilib, XII asrdagi qatlamdan zamonaviy shaharning sathigacha ko‘tarilgan keng zinapoyalar qurilgan.