Samarqand viloyatining Payariq tumanida yer qazish ishlari jarayonida fuqaro tomonidan qadimiy qabr qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qazish jarayonida inson suyak qoldiqlari, bronzadan yasalgan bilaguzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan. Fuqaro topilma haqida zudlik bilan Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan.

Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, topilgan bronza bilaguzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi. Ularning shakli va bezak xususiyatlari bronza davrining so‘nggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlar bilan o‘xshashlik kasb etadi.
Agentlik yer qazish yoki qurilish ishlari jarayonida qadimiy buyumlar, inshoot qoldiqlari yoki inson suyaklari aniqlangan taqdirda, ishlarni darhol to‘xtatish hamda tegishli davlat organlari va arxeologiya mutaxassislariga xabar berish lozimligini eslatib o'tdi. Bunday mas’uliyatli munosabat madaniy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
