Sugʻd devoriy suratlarining fragmentlari XX asr boshlarida, Samarqanddagi, Moʻgʻullar davridan oldingi, juda muhim sanalgan Afrosiyob arxeologik obyektidan topilgan. Xitoy yozma manbalariga koʻra, Samarqand Sugʻdiyonaning poytaxti va juda muhim shahar sanalgan. Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, musulmon tarixchilari ham Samarqand haqida shunga oʻxshash maʼlumotlarni qayd etishgan.
1965-yilda mahalliy hokimiyat Afrosiyob tepaligi markazidan yoʻl qurishga qaror qiladi. Ushbu yoʻl qurilish jarayonida esa qadimiy devoriy rasmlar tasodifan topilib qoladi. Qurilish ishlari ham ularga unchalik koʻp zarar keltirmagan. Aslida bu rasmlarning yuqori qismi X–XI asrlardayoq allaqachon yoʻq qilingan va shuning uchun ham ularni toʻliq qayta tiklash mumkin emas edi. Qazilgan joy 23–sektor deb nomlangan, bu orada shu kabi rasmlar 1, 2, 3 va 93 raqamli xonalardan ham topilgan. Mazmunan bir xil boʻlgan rasmlarning asosiy qismi "Elchilar zali" deb nom olgan 1-xona devorlarini bezab turgan.
_1.webp)
Kompozitsiyaning eng muhim sahnasi tasvirlangan Gʻarbiy devor elchilar zaliga kirish eshigining roʻparasida joylashgan. Unda sovgʻalar bilan kelgan xorijiy mehmonlarning bir nechta guruhlarini, jumladan, xitoyliklar (oddiy ipak bilan), baqtriyaliklar (marjonlar va tikilgan ipak bilan), togʻliklar (Yakning dumlari bilan), shuningdek, koreyslar (sovgʻasiz, bosh kiyimida patlar bilan)ni va ularning atrofida oʻtirgan yoki elchilarni kuzatayotgan turk jangchilar guruhlarini koʻrish mumkin. Mehmonlar devorning yuqori qismidagi, afsuski saqlanib qolmagan markazdagi kishiga qarab yurishayapti. Xorijiy mehmonlar kamida ikki qatorda turganini inobatga olsak, devorning yuqori qismida bir kishi emas, balki ikki kishi turganini taxmin qilish mumkin boʻladi. Ehtimol, bu hukmdor va uning rafiqasi yoki hukmdor bilan turgan boshqa amaldor, misol uchun vaziri yoki maslahatchisi boʻlishi ham mumkin.
Varxuman, hukmdor sifatida tilga olingan devordagi yozuv fragmentlari Afrosiyob devoriy suratlarining tarixiy kontekstini namoyish etadi. Milodiy 650–655-yillarda Xitoy imperatori Tang Gaozun (650–683-yillar) Varxumanni (xitoycha talaffuzda Fuxuman) Samarqand va Sugʻdiyona hukmdori deb tan olgan. Milodiy 658-yilda Sugʻdiyona allaqachonlardan buyon Tan protektoratiga tegishli boʻlgan va Xitoy solnomalariga koʻra Gaozun, hatto rasmiy tarzda amalga tayinlash marosimi uchun Varxuman saroyiga oʻzi elchi yuborgan. Yozuvlarda devoriy tasvirning pastki chap burchagida, xorijlik mehmonlar orasida turgani aytilgan Chagʻoniyon (qadimgi Baqtriyaning bir qismi) va Choch (zamonaviy Toshkent)dan kelgan vakillar ham tilga olinadi. Xitoy elchilarini ularning oʻziga xos kiyim-kechaklari va keltirgan ipak sovgʻalariga qarab aniqlash mumkin.
Koreys elchilarining tasvirlari esa shaxsiy kuzatuvlar asosida chizilgan rassomlarning tasvirlariga emas, Xitoy sanʼatidan olingan ikonografik formulalarga asosan aniqlangani koʻrinadi. Tasvirdagi yana bir fragmentda qoplon terisi yopingan va qoʻtos dumini qoʻlida ushlab olgan erkaklar tasvirlangan va ular, ehtimol, tibetliklar boʻlishi mumkin. Bularning barchasi aslida tasvirdagi odamlarning kimligini aniqlashga qaratilgan faraziy urinishlar, ammo ushbu marosimda turli xorijiy mamlakatlar vakillarining ishtirok etayotgani haqiqatan ham muhim sanaladi.
Ushbu rasmning yana boshqa turlicha talqinlari ham mavjud. Koʻpchilik olimlar bu yerda mahalliy hukmdorga toj kiydirish marosimi bilan birga oʻtkazilayotgan qadimgi eroncha yangi yil (Navro'z) bayrami tasvirlangan, deya taʼkidlashadi.
