Fransiyalik suratkash Pol Nadar afsonaviy O'zbekiston zaminiga kelganida uning yo‘li ko‘proq bir shahardan boshqasiga o‘tish, doimiy shoshilib yurishdan iborat bo‘lgan. Bu vaziyat uni mamlakatning eng ichkari hududlarini o‘rganish imkoniyatidan mahrum qildi. Keyinchalik u bundan juda afsuslangan. Shunga qaramay, poyezd qisqa vaqtga to‘xtagan paytda olingan bir nechta manzarali suratlarida cheksiz qumli kengliklar ko‘rinishini muhrlangan.
_AGnzhAk_1.webp)
Pol Nadar o‘zi bo‘lgan uchta asosiy o‘zbek shaharlari – Toshkent, Samarqand va Buxorodan tashqarida olgan suratlarida bir qarashda o‘xshashdek ko‘rinishi mumkin bo‘lgan Osiyo qiyofasini ochib berolgan, bu zamindagi hayot nafasini yetkazolgan. Uning suratlarida goh uzoq o‘tmish izlari – odamlar tashlab ketgan xarobalar, qum bosgan maskanlar ko‘rinsa, goh ko‘chmanchilar turmushidan lavhalar: tasodifan uchragan o‘tovlar, karvonsaroylar yoki sahro-yu dashtlarni kezib o‘tayotgan kichikroq karvonlar aks etgan. Manzaralar kam uchraydi. Bu Pol Nadarning, tug‘ma portretchi-suratkashning o‘z e’tiborini insonlarga – hayoti kamera obyektivi oldida o‘tib ketayotgan kishilarga qaratishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Qahramonlari orqali u go‘yoki mamlakat portretini yaratardi. Hatto sahrolarda ham u hayot nishonalarini darrov ilg‘ar, ishchi, dehqon, ko‘chmanchi, kamtarona uy-joy yoki tasodifiy jonivorni suratga olishga oshiqardi.
Toshkent: 1890-yil 17–28-sentyabr
_1.webp)
Pol Nadar 1890-yilning avgustidan oktyabrigacha Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etgan. Ko‘rgazmaning qaydlariga qaraganda son-sanoqsiz bo‘lgan pavilyonlarida Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiyot va savdo sohalariga doir yutuqlari namoyish qilingan... Toshkent o‘zining hunarmandchiligi va qishloq xo‘jaligi bilan mashhur bo‘lgan. Shahar iqtisodiyoti turli gazlamalar (namat, ipak, tuya junidan movut) sanoati, paxtani qayta ishlash, charm mahsulotlari, kulolchilik buyumlari va boshqa ashyolar ishlab chiqarishga asoslangan edi. Tuyalar mahalliy iqlim sharoitlariga juda mos jonivor sifatida qadrlangan. Ko‘rgazma bir nechta mavzuli bo‘limlarga ajratilgan, ularda sanoat yutuqlari bilan bir qatorda o‘zbeklarning madaniy hayoti ham yoritilgan. Pol Nadar ota-onasiga yozgan maktubida u shunday degandi: “Eng hayratga solgani – temir yo‘llariga ega bo‘lmagan yurtda bu kabi keng ko‘lamli xalqaro ko‘rgazmaga guvoh bo‘lish edi”. Haqiqatan, u sayohat qilgan yili Kaspiyorti temir yo‘li Samarqandga yetganda tugar, Toshkentgacha qolgan yo‘lni ot aravada bosib o‘tish kerak edi.
Lochin ovi
_1.webp)
Pol Nadar kabi boshqa yevropalik sayohatchilarda o‘zbeklarning lochin ovi nihoyatda katta taassurot qoldirdi. Pol bu jarayonni ham suratga tushirgan. "...Haftasiga bir necha marta shahar tashqarisida ko‘rgazmali ov uyushtirilar, uning natijalariga ko‘ra musobaqa yakunida mukofotlar topshirilardi. Bu juda qiziqarli tomosha edi: turli xalqlar – o‘zbek, qirg‘iz, turkman, hind, afg‘on millati vakillarining rang-barang milliy liboslardagi chavandozlari o‘z qushlarini o‘ziga xos, o‘z madaniyatiga mos usulda ovga uchirardi”, deyiladi suratkashning maktublarida.
Toshkent ko'chalari va toshkentliklar
_1.webp)
Pol Nadar sayrlari davomida o‘z portativ kameralari yordamida Toshkent ko‘chalarini suratga olgan. Vohada joylashgan Toshkent u paytlarda ikki qismga bo‘lingandi: mahalliy o‘troq xalq yashaydigan Eski shahar hamda yangi Ruslar shahri. Yevropa andozalari bo‘yicha qurilgan keng va tekis yo‘llarga ega Yangi shahar Nadarning e’tiborini jalb qilmagan. Bu yerda u bor-yo‘g‘i bir nechta surat olgan.
_1.webp)
Pol Nadar Eski shahar va uning aholisi haqida ta’sirchan suratlar oldi – bu lahzalarda xuddi vaqt to‘xtab qolgandek... Portativ apparat yordamida olingan suratlar bu lahzalarning tabiiyligini, jonliligini shu qadar saqlab qolganki, bunda albatta Polning ziyrak nigohi va kamera tugmasini bosish fursatini dildan his qilish qobiliyati sababchi. Keyinroq u “Paris-Photographe” (“Parij – fotograf”) gazetasida shunday ta’rif yozadi: “Bu sahnalashtirilgan lavha emas – personajlarning joylashuvi mutlaqo tabiiy, ammo surat umumiy plan va detallar tasodifan yaxlit bir kartina ko‘rinishga kelganda olingan”.
Chinozda...

Shahar hayotidan tashqari, Pol Toshkent tevaragini ham suratga olgan. Uning e’tiborini Sirdaryo sohilida joylashgan Chinoz pristanidagi qaynoq hayot tortdi. Shuningdek, u dehqon xo‘jaligiga borib, u yerda ham bir nechta suratlar oldi, shahar atrofida joylashgan qator qishloqlarda bo‘ldi.
Pol Nadar 26-sentyabrda onasiga yozgan maktubida u 28-sentyabrga mo‘ljallangan Samarqand safari haqida ma’lum qiladi: “Menimcha, biz indinga Samarqandga ketamiz. O‘ylashimcha, u yerdagi barcha ajoyibotlarni suratga olish uchun shaharda bir haftacha bo‘lamiz. Keyin Buxoroga ketaman, u yerda meni do‘stim kutyapti. Uni suratga olishim kerak".
Parijlik fotografning Samarqandga borgani haqida keyingi materiallarimizda batafsil yoritamiz.
