Chirmashgan novdalar "girdobi" - xitoiy naqshi

Chirmashgan novdalar "girdobi" - xitoiy naqshi

Kitob hoshiyasidagi bezak naqshlar juda xilma-xildir. Ular orasidan xitoiy naqshini ajratib koʻrsatish joiz. 

Chirmashgan novdalar "girdobi" - xitoiy naqshi

"Xitoycha" degan maʼnoni anglatishi uning kelib chiqishiga ishora qiladi. Dastlab, xitoiy naqshi keng chirmashib ketgan novdalar bilan uygʻunlashgan, mayin chiziqlar bilan chizilgan nilufargul shaklidagi palmetta koʻrinishida edi. Islom olamidagi bozorlar uchun maxsus ishlab chiqarilgan xitoy ipak matolari tufayli bu naqsh musulmon Sharqining meʼmorchilik, kitobat sanʼati va toʻqimachilik buyumlari bezaklarida keng ommalashib bordi.

 

Xitoyda bir-biriga chirmashgan uzun novdali muayyan uslubda ishlangan nilufar gullari baʼzan "yorqin marvarid" motivi bilan uygʻunlikda kelgan. Nilufar gullarining ichiga yozilgan shou (uzoq umr; toshbaqani ifodalovchi belgi) yoki fu (baxt) kabi Xitoyning anʼanaviy iyerogliflari musulmon xaridorlar koʻnglini topish uchun bemalol arab epigrafikasiga almashtirilishi mumkin edi. Nilufarlar, marvaridlar va iyerogliflar uzun tasmalar bilan yoki serbarg novdalar bilan chirmashib ketgan suratlar ezgu va xayrli maʼnoga ega sanalgan.
 

Qoʻlyozma kitoblar bezaklarida xitoiy naqsh xitoycha qiyofasini yoʻqotdi: nilufargullar fonidagi "yorqin marvarid"lar, iyerogliflar va qoʻziqoringa oʻxshash bulutlar ishlatilmay qoʻydi. Endilikda xitoiy – keng, qayishqoq, uzun tasmalar boʻlib, nafis tarzda ikkiga boʻlingan yirik islimiy barglar bilan yakunlangan. Bezak fonida esa gullar bilan qoplangan nozik butoq chizilgan. Baʼzan bu tasmalar bir-biri bilan shunchalik chambarchas qovushadiki, natijada pozitiv-negativ naqsh samarasi hosil boʻladi. Baʼzi qoʻlyozmalarda, masalan, XIX asrda Buxoroda nusxa koʻchirilgan Qurʼonlardan birida xitoiy maksimal darajada kattalashtirilgan boʻlib, mahobatli "irmoq"larga oʻxshaydi, ulardagi son-sanoqsiz gulli naqshlar "girdob"ga tushgandek chirmashib ketgan. 

Chirmashgan novdalar "girdobi" - xitoiy naqshi