Tarixiy Sankt-Peterburg shahrining qoq markazida Din tarixi davlat muzeyi joylashgan. Bugunda din haqida hikoya qiluvchi Rossiyadagi yagona va dunyodagi kam sonli muzeylardan biridir.
Muzeyning oʻziga xos ashyolaridan biri sifatida murshidga tegishli (sufiylar murabbiyi) Qurʼon oyatlari va arabcha yozuvlar tushirilgan ip-gazlamadan tayyorlangan yaktakni koʻrsatib oʻtish mumkin. Oʻrta asrlarda bunday turdagi yaktaklar taqvodorlik libosi sifatida sovut ostidan kiyilgan. Ularning ust qismi toʻliq tarzda yozuv (toʻliq yoki qisman Qurʼon oyatlari, turli duolar, taʼriflar, shialarga oid diniy belgilar) bilan qoplangan.

Muzeyda saqlanayotgan yaktakning ham ustki qismiga toʻliq tarzda arabcha yozuv tushirilgan. Matnning asosiy qismi "Al-asmo-il-husna" (Allohning 99 ismi), bismilloh, kalimai Shahodat va Qurʼon oyatlarini tashkil qiladi. Yaktakning yelka qismida naqshinkor tarzda "Alloh", "Muhammad", "Sharaflar boʻlsin" yozuvlari tushirilgan.
Yaktakning orqa qismida Muhammad (s.a.v.) paygʻambarga alohida takbir sifatidagi asosiy duoda quyidagilar yozilgan: "Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Ey, Alloh! Sayyidimiz Muhammad (s.a.v.) paygʻambarni oʻzing marhamat qilgin! Buyuk toj egasi, Meʼroj ishtirokchisi, al-Buroq yoʻldoshi, turli balo-qazolardan, kasallik, dushman, ochlik, omadsizlik, vabo, zulmat va azoblardan himoya qiluvchi sayyidimiz Muhammad (s.a.v) paygʻambarni oʻzing marhamat qilgin. Uning ismi lavhda naqshinkor tarzda qalam bilan yozilgan. Uning tanasi poklangan, undan Madina va Makkaning hidi keladi, muqaddas va bu shaharlardek munavvar. U saxiy, kamtar, oliyhimmat, kuchli, or-nomusli, kun Quyoshi, tun Oyi va olamning yaxshiliklarini qalbida jo etgan! Abul Qosim Muhammad ibn Abdulloh (s.a.v.) arab va ajamlar sayyidi, ins-jinlar va insonlar-ning sayyidi, ikki mazhab [sunniy va shialar] paygʻambari, Makka va Quddus imomi. Hasan va Husayn bobolari uyiga qoʻshilaylik! Alloh marhamatini istovchilar, Allohga ibodat qilinglar va uning paygʻambari boshlagan yoʻldan yuringlar! Mehribonlarning mehriboni boʻlgan Alloh sizlarni marhamat qilsin!"
