Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi aniqlandi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti xabar berdi.

Tadqiqot Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda. Tadqiqotlar davomida xonalardan birining g‘arbiy devorida gil suvoq ustiga ishlangan lola va oq gullar tasviri topildi. Gullar qizil rangdagi ingichka to‘lqinsimon chiziqlar bilan uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, devoriy surat ustidan oq ohakli suvoq qatlami bilan qoplangan.
Binoning mahobatli va qalin devorlari hamda devoriy bezaklari mazkur inshoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Kelgusidagi qazishmalar inshootning vazifasi va me’moriy xususiyatlarini yanada aniqlashga xizmat qiladi.

