Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

25-avgust kuni "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar" Xalqaro media forumi doirasida "Sharq miniatyurasi durdonalari: O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar" nomli kitob-albom taqdimot qilindi.

Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

Mazkur nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turkiyaning "Mega Basim" nashriyoti hamkorligida chop etilgan.  

 

Kitobdan XIII–XVIII asrlarga oid qariyb 300 ta rangli miniatyura o‘rin olgan, ularda 80 nafardan ortiq hukmdor, shahzoda va malikalar, 20 nafardan ziyod shoir, olim, mutafakkir va musavvirlar tasvirlangan. Miniatyuralar turli mamlakatlardagi muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan olingan.

 

Taqdimotda "Mega Basim" nashriyoti boshqaruvi raisi Hasanbey Kondu kitob-albom haqida so'z yuritar ekan, jumladan shunday dedi:

Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

— Ushbu muhtasham kitob-albom uchun avvalo, muhtaram prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev hamda kitob ustida, kerak bo'lsa, 24 soat mehnat qilgan Firdavs Abduxoliqovga tashakkur izhor etmoqchiman. Kitob haqiqatan juda muhtasham va muhim. Undagi 300 dan ziyod miniatyurada O'zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar aks etgan. Bugun forumda koʻryapmanki, yosh tadqiqotchilardan tortib olimlargacha, media vakillari kitobga katta qiziqish bildirishmoqda. 

 

Shundan so'ng, kitob-albomning "Mega Basim" nashriyotida chop etish jarayonlari aks etgan videolavha namoyish etildi. 

 

Maxsus sovgʻabop nashr: "Ruyi Gonsales de Klavixoning Samarqandga - Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi"


Media forumda, shuningdek, WOSCU hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida nashr etilgan ispan elchisining Samarqandga - Temur saroyiga qilgan sayohati kundaligi taqdimot qilindi. Unda Ispaniyadagi "Kulturalis" nashriyot uyi prezidenti Sharlotta Kramer Klavixo buyuk Amir Temur Samarqandini qanday ko‘rgani haqidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etdi. 

Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

Qayd etilishicha, ushbu asar Sohibqiron saltanatining poytaxtiga bevosita tashrif buyurgan zamondoshning noyob guvohligi boʻlib, unda XV asr boshlaridagi Samarqandning davlat boshqaruvi, saroy hayoti, diplomatik munosabatlari, meʼmorchiligi va kundalik turmushi haqida batafsil maʼlumotlar berilgan. Shu bois Klavixoning mazkur asari Amir Temur davri tarixiga oid eng qimmatli Yevropa manbalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.


Klavixoning aniq tugʻilgan sanasi hozirga qadar maʼlum emas. U Kastiliya qirollik saroyi bilan yaqin aloqada boʻlgan Madridning nufuzli va asilzoda oilalaridan biriga mansub ekani maʼlum. Uning otasi, keyinchalik esa Klavixoning oʻzi ham saroyda masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qilgan. Yetuk yoshga yetgach, u Kastiliya va Leon qiroli Enrike III saroyida kamerger vazifasini bajargan.

 

Yangi kitob-albomlar taqdimoti: Buyuk tarixiy shaxslar va Klavixo kundaligi

— Klavixo Amir Temur saltanatining poytaxtida qisqa davr mobaynida Movarounnahr tabiati, aholisi, Temuriylar davlatining siyosiy tizimi, saroy urf-odatlari, iqtisodiyoti, diplomatik aloqalari va harbiy tuzilishi haqida katta hajmda maʼlumot toʻpladi. Markaziy Osiyoda boʻlgan vaqtida oʻzi guvoh boʻlgan barcha voqealarni kundaligida batafsil qayd etdi. Ana shu kuzatuvlarning mufassalligi Klavixo asarini Amir Temur davri tarixi va XV asr boshlaridagi xalqaro munosabatlarga oid eng muhim Yevropa manbalaridan biriga aylantirdi, - dedi Sharlotta Kramer.

Sovg'abop albomdan Don Ruyi Gonsales de Klavixoning “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi”dan olingan parchalar joy olgan. Ularni o'qib, oʻsha davr muhiti, Amir Temur davri xususiyatlari, Sohibqironning jasorati, insoniy fazilatlari, davlat rahbari sifatidagi mavqeyi haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.