Go'zal tun manzarasida "Iskandar va qalandar"

Go'zal tun manzarasida "Iskandar va qalandar"

Kamoliddin Behzod ijodidagi manzara janri alohida e’tiborga molik. Behzod manzaralardagi o‘xshashliklarni inson va tabiat birligi g‘oyasini tasvirlash uchun vosita, obraz yoki g‘oya bo‘lib xizmat qilgan moddiy tabiatdan izlaydi. 

 

Uning asarlarida manzara Yaratgan tomonidan barpo etilgan cheksiz va go‘zal makrodunyoning bir qismi sanaladi. “Layli va Majnun sahroda”, “Tog‘dagi zohidni ko‘rish uchun kelgan Iskandar” miniatyuralari bunga dalil. 

 

"Iskandar va qalandar" 

Go'zal tun manzarasida "Iskandar va qalandar"

Behzod o‘zining kompozitsiya yaratishdagi ajoyib mahoratini ushbu miniatyurada namoyish etgan. Quyuq ko‘k osmonda yangi hilol paydo bo‘lgan. Tungi vaqt bo‘lishiga qaramay, rasmning pastki qismidagi xizmatkorning qo‘lidagi mash’ala yordamida maydon yaxshi yoritilgan. Cho‘qqilari o‘rkach-o‘rkach ulkan qoyatoshlar va barglari to‘kilib ketgan qoraqarag‘aylarning siluetlari shaklidagi serbutoq o‘simliklar va barglari xazon bo‘la boshlagan bir nechta yashil daraxtlar hamda qo‘rg‘onning o‘zi va qaroqchilarning qiyofalari bir-biri bilan uzviy ravishda joylashtirilgan. Ushbu tasvir miniatyura san’atida go‘zal tun manzarasi aks ettirilgan eng yaxshi tasvirlardan biridir. Behzod qanday qilib varaqning kichkina maydonida ulkan makonni taqdim qilgani juda hayratlanarli. 


... Darbanddagi qaroqchilarning qo‘rg‘onini egallash uchun olib borilgan muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng Iskandar zohidning oldiga boradi va uning duolarining kuchidan foydalanib qo‘rg‘onni qo‘lga kiritish va u yerdan qaroqchilarni haydab chiqarishni rejalashtiradi. 

Miniatyuraning pastki qismida toshlardan tozalangan kichikroq joy oppoq soqolli keksa zohid o‘tirgan g‘or eshigi oldidagi kirish maydonchasini tashkil qiladi; zohidning yaqqol ko‘zga tashlanuvchi nimjon jussasi qoyatoshning qorong‘i og‘zida aniq ko‘rinadi. Oqsoqolning qarshisida Iskandar tiz cho‘kkan holda yashil kabada va oq sallada o‘tiribdi. Ushbu syujet orqali Behzod Sultonning dindorligini ko‘rsatib beradi. Husaynning orqasida uning mulozimlari va dubulg‘adagi jangchi tasvirida mujassamlangan qo‘shini turibdi. Zohidning g‘ori yonida o‘sayotgan kuzgi tillarang yaproqli azim chinorning tepaga qarab o‘sgan shoxlari nazarimizni borish qiyin bo‘lgan qoyalar orasida yashiringan qaroqchilar qo‘rg‘oni joylashgan rasmning tepa qismiga qaratadi.