Yaponiyaning Nara prefekturasida joylashgan Todaydzi ibodatxonasi imperator Syomuning istagiga koʻra, VIII asrning oʻrtalarida qurilgan. Imperator vafotidan soʻng koʻp oʻtmay, u qadrlagan buyumlar Syoso ("asosiy xazina", "asosiy boyliklar") deb nomlangan Todaydzi ibodatxonasiga beriladi...

Syosoin xazinasida matolar toʻplami ham mavjud va ularning bir qismi Tan Xitoyida, boshqalari Yaponiyada ishlab chiqarilgan. Bir qancha gazlamalar esa, ehtimol, Buyuk ipak yoʻli yoʻnalishi boʻyicha olib kelingan toʻqimachilik mahsulotlariga taqlid qilib tayyorlangan.
Jonivorlar rasmini chizish, ular qushlar boʻladimi yoki daraxt tagida turgan hayvonlarmi, qadimdan Gʻarbiy Osiyo, ayniqsa sosoniylar Eroni va Markaziy Osiyoda keng tarqalgan. Negaki daraxtlar olamni anglash, ularning ostida turgan jonivorlar esa ularning qoʻriqchilari maʼnolarini anglatgan.
_JzRZlEf_1.webp)
Syosoin xazinasida bu turdagi rasmlar tushirilgan katta miqdordagi pardalar saqlanmoqda. Pardalarda tasvirlangan suratlar bir-biridan farq qiladi.
Daraxt ostida turgan qoʻy tasviri tushirilgan pardaga xitsuzi ki roketi-no byobu (roketi (roketsu) uslubida ishlangan daraxt ostidagi qoʻy) deb nom berilgan. Pardaning chetiga siyoh bilan: "Tenpyosyoxo 3-yilining 10 oyi" (751-yil) deb yozilgan.
Yozuvga qaraganda, ushbu parda VIII asrda mavjud boʻlgan dehqonlarga solinadigan oʻlpon – tyo yoki yo oʻrnida olingan boʻlsa kerak. Unda tasvirlangan qoʻyning shoxlari katta gajaksimon boʻlib, bu holat uni Yaponiya qoʻylariga mansub boʻlmaganidan dalolat beradi. Balki bu surat gʻarb matolarida shunday rasmni koʻrgan odamning buyurtmasiga koʻra ishlangan boʻlishi mumkin.
Eʼtiborga molik yana bir parda boʻlib, ulardan birida daraxt ostida turgan fil (roketi texnikasi uslubida: dzokiroketi no byobu) tasvirlangan boʻlsa, ikkinchisida daraxt tagida turgan qirgʻiy surati aks ettirilgan (roketi texnikasi uslubida: otyoroketi – no byobu).
Taʼkidlash joizki, daraxt ostida fil tasviri tushirilgan rasm umrida hech qachon filni koʻrmagan inson tomonidan chizilgani yaqqol koʻrinib turibdi. Misol uchun, xartumning uchi va oyoqlari keyinroq chizilgan va uzunligi oʻzgartirilgan. Tasvirdagi bu kabi holatlar shundan dalolat beradiki, Yaponiyaga turli mamlakatlardan maʼlumotlar kelib turgan va bu uning sanʼatiga taʼsir koʻrsatgan.
