Ozarbayjon milliy gilam muzeyi 1967-yilda gilamdo‘zlik haqidagi fanga asos solgan rassom va pedagog Latif Karimovning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Mazkur muzey tashkil etilgan ilk davrda profili bo‘yicha dunyoda yagona muzey edi. Hozirgi kunga kelib respublikadagi eng yirik muzeylardan biriga aylangan.
_ziHJS6N_1.webp)
Muzeydan Ozarbayjon gilamlarining deyarli barcha to‘plamlari o‘rin olgan. Dastlab ushbu madaniyat maskani Ozarbayjon gilami va xalq amaliy san’ati davlat muzeyi deb nomlangan edi. Bu nom bu yerda gilamlar va gilam mahsulotlari bilan bir qatorda amaliy san’atning boshqa turlarini ham o‘z ichiga olgan ko‘plab asarlar kolleksiyalari, jumladan, to‘qimachilik bilan bog‘liq va boshqa materiallarni o‘z ichiga olgan to‘plamlar ham shu yerda namoyish etilganligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Muzey ochilishi arafasida respublika hududlari bo‘ylab bo‘lg‘usi eksponatlarni sotib olish uchun ekspeditsiyalar tashkil etilgan. Keyinchalik kam miqdorda bo‘lsa ham, boshqa xalqlar amaliy san’atining har xil turlariga oid eng yaxshi namunalarini aks ettiruvchi eksponatlar ham muntazam ravishda keltirila boshladi. Ayni paytda muzey fondlari 10 960 ta eksponatlardan iborat. Bu yerda bronza davri, antik davr va ilk o‘rta asrlarga oid ko‘plab eksponatlar saqlanadi. Kolleksiyalarning aksariyati XVIII – XXI asrlarga oid.
“Matolar, kiyim-kechak, kashtachilik” kolleksiyasida 1200 ta eksponat mavjud bo‘lib, ular orasida nafaqat xalq amaliy san’ati namunalari, balki zamonaviy hunarmandlarning asarlari ham mavjud. Kolleksiyaning salmoqli qismini amaliy bezak san’atining eng keng tarqalgan turi sanalgan kashtachilik mahsulotlari namunalari tashkil etadi. Ushbu san’at turi Ozarbayjonda keng tarqalgan 50 ga yaqin san’at va hunarmandchilik turlari orasida alohida o‘rin tutadi. Bunda kashtachilikda ishlatiladigan iplar uchun xomashyo yetkazib beradigan mahalliy ipakchilik sanoati, shuningdek, gulebetin (tilla kashta), zerenduz (muhr bosilgan qadama bezaklar) va pilyak (qadama bezak va sadafli kashtalar) kabi kashtachilik turlari uchun turli ashyolarni ishlab chiqaradigan metallga ishlov berish san’atining yuksak darajada rivojlanganligi muhim rol o‘ynagan.
Bugunda Ozarbayjon milliy gilam muzeyida o‘zbek kashtachiligining uchta nusxasi saqlanadi. Bular:
- 1974-yilda Sayyora Namozovadan sotib olingan XX asr boshlariga oid Samarqand so‘zanasi;
- 1979-yilda Sariya Veliyevadan sotib olingan XIX asrning ikkinchi yarmiga oid Buxoroda ishlangan ikkita mahsulot – ro‘yjo deb ataladigan choyshab va takiyapo‘sh yostiq qoplamasi.
_mGOngnR_1.webp)


_1.webp)