Kitob-albom taqdimoti: "O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar Sharq miniatyuralarida"

Kitob-albom taqdimoti: "O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar Sharq miniatyuralarida"

24–28-avgust kunlari bo'lib o'tadigan "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar" Xalqaro media forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turkiyaning "Mega Basim" nashriyoti hamkorligida chop etilgan "O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar Sharq miniatyuralarida" nomli kitob-albom taqdimot qilinadi. 

Kitob-albom taqdimoti: "O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar Sharq miniatyuralarida"

Taqdimotni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi, sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Firdavs Abduxoliqov hamda "Mega Basim" nashriyoti boshqaruvi raisi Hasanbey Kondu o‘tkazadi.

Kitobdan XIII–XVIII asrlarga oid qariyb 300 ta rangli miniatyura o‘rin olgan bo‘lib, ularda hukmdorlar, olimlar, shoirlar, mutafakkirlar va musavvirlar tasvirlangan. Ular orasida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Sulton Sanjar va Aleksandr Makedonskiy kabi tarixiy shaxslar bor.
 

Albomda 80 nafardan ortiq hukmdor, shahzoda va malikalar, shuningdek, 20 nafardan ziyod shoir, olim, mutafakkir va musavvirlar tasviri jamlangan. Ular Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar tarixi bilan bog‘liq. 

Nashr uchun materiallar qariyb ikki yil davomida to‘plangan. Miniatyuralar turli mamlakatlardagi muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan olingan. Ular orasida Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi, Vashingtondagi Frir galereyasi, Britaniya kutubxonasi, To‘pqopi saroyi, Fransiya Milliy kutubxonasi va Og‘a Xon kolleksiyasi mavjud. Foydalanilgan qo‘lyozma manbalar orasida "Me’rojnoma", "Boburnoma", "Temur tuzuklari" va boshqa asarlar bor.

 

Firdavs Abduxoliqovning ushbu mualliflik loyihasi ilk bor 2023-yilda Samarqandda o‘tkazilgan Xalqaro kongressda taqdim etilgan. Kitob uning Sharq miniatyuralaridagi tarixiy portretlarni o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlari natijasi bo‘ldi. Nashr o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.