Toshkent va Samarqand Xalqaro media forumga mezbonlik qiladi

Toshkent va Samarqand Xalqaro media forumga mezbonlik qiladi

2026-yil 24–28-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar" mavzusida Xalqaro media forum bo‘lib o‘tadi.

Toshkent va Samarqand Xalqaro media forumga mezbonlik qiladi

Mazkur xalqaro forumda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafar yetakchi media kompaniyalar rahbarlari, axborot agentliklari, telekanallar, xalqaro nashrlar va raqamli platformalar vakillari, shuningdek, hujjatli film ijodkorlari, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya va sun’iy intellekt sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

 

Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Forum bosh media hamkorlari - Euronews va CNN xalqaro telekanlari.

 

Forum O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Asosiy maqsad — mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, ayniqsa, so‘nggi 10 yil ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar natijasini hamda yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining yangi ilmiy, madaniy, ta’limiy va texnologik tashabbuslarini jahonga namoyon etishdan iborat.

 

Forumning asosiy g‘oyasi sifatida tarix va ma’naviy merosni jahon auditoriyasi bilan zamonaviy televideniye, kino, adabiyot, raqamli platformalar, sun’iy intellekt va muzeylarning immersiv texnologiyalari tilida targ‘ib qilish ko‘zda tutilmoqda. Forum Besh plenar sessiyadan iborat bo‘lib, unda "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: yangi tarixlar, yangi formatlar, yangi auditoriya"; "Islom sivilizatsiyasi dunyoni o‘zgartirgan buyuk siymolari. Kino, kitob va raqamli muhitdagi buyuk tarjimai hollar"; "Muqaddas Qur’on: asrlar va sivilizatsiyalarni birlashtiruvchi meros"; "Yangi O‘zbekiston: tashabbuslar, islohotlar va zamonaviy davrning hujjatli solnomasi"; "Yangi ufqlar: xalqaro loyihalar, mediaformatlar va madaniy tashabbuslar" kabi mavzular muhokama qilinadi.

 

Forumda Usmon Mus'hafi, Katta Langar Qur’onining faksimile nashri, "114 Qur’on" xalqaro loyihasi hamda "O‘zbekiston Qur’onlari" ilmiy-illyustrativ nashri, "O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar sharq miniatyurasida" kitob-albomi taqdimoti, "Tarixni yoshlar uchun qanday qiziqarli qilish mumkin? Islom sivilizatsiyasini kelajak avlodlar uchun vizual taqdim etishning afzalliklari" bilan bog‘liq loyihalar taqdim etiladi. Texnologik blok doirasida arab yozuvidagi qo‘lyozma matnlarni tanish va ularni raqamli shaklda o‘qish uchun mo‘ljallangan intellektual model — INKSIGHT AI taqdimoti o‘tkaziladi. Loyiha sun’iy intellektdan qadimiy yozma manbalarni  raqamlashtirishda qanday foydalanish mumkinligini namoyish etadi.

 

Samarqand — jonli tarix makoni
 

Xalqaro dasturning alohida bir kuni Samarqandda o‘tkaziladi. Xorijlik jurnalistlar va suratga olish guruhlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta barpo etilgan Imom Buxoriy memorial majmuasiga tashrif buyuradi. Dasturdan Hadisshunoslik xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif ham o‘rin oladi. Ishtirokchilar Samarqandning tarixiy-madaniy obyektlari, jumladan, UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bilan tanishadi.