Tarixiy ma'lumotlarni o'zida jamlagan G‘aznaviylar medalyoni

Tarixiy ma'lumotlarni o'zida jamlagan G‘aznaviylar medalyoni

G‘aznaviylar davrining muhim tarixiy yodgorliklaridan biri bo'lgan bronza medalyon 444-yilda Xurosonning G‘azna shahrida (hozirgi Afg‘oniston hududida) zarb etilgan. Bu haqda O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma'lumot berdi.

Tarixiy ma'lumotlarni o'zida jamlagan G‘aznaviylar medalyoni

Medalyon G‘aznaviylar hukmdori Abu Shujo Farruxzod bin Mas’udga tegishli bo‘lib, uning hukmronligi 1052–1059-yillarga to‘g‘ri keladi. Medalondagi hijriy 444-yil — milodiy 1052–1053-yil sanasi esa uning muayyan tarixiy davr bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

 

Medalyonning har ikki tomonida kufiy xatida hukmdorning nomi va unvonlari keltirilgan:

"Adl / al-amir as-sa’id al-malik / nosir xalifat Alloh Abu Shujo’ Farruxzod / bin Nosir Din Alloh".

 

Orqa tomonda shahodat kalimasi — "La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh" hamda Abbosiylar xalifasi al-Qoim biamrillohning nomi aks ettirilgan. Chetida esa Qur’oni karimning "Tavba" surasi, 33-oyati keltirilgan. Diametri atigi 7,4 santimetr bo‘lgan ushbu medalyonda katta tarixiy va islomiy ma'lumotlar mujassam. Jumladan:


— hukmdorning ismi va unvonlari;
— G‘aznaviylar davriga oid ma’lumot;
— 444-hijriy yil sanasi;
— G‘azna shahri nomi;
— Abbosiylar xalifasi nomi;
— shahodat kalimasi;
— Qur’on oyati.

 

Bugun G‘aznaviylar davriga oid ushbu nodir medalyon Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. Bunday artefaktlar nafaqat moddiy madaniyat namunasi, balki o‘sha davrning siyosiy tarixi, diniy hayoti, epigrafikasi va san’atini o‘rganishda muhim manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.