Xiva ayollari do‘ppi va taxyalar tikishgan. Xiva taxyalari – chumakli qazma (baxmal), papakli, manotli taxyalari o‘ziga xosligi va jozibaliligi bilan ko‘zni quvontiradi.
_lIkj04T_1.webp)
Bosh kiyimlar har xil gazlamalardan turli usullarda tayyorlangan. Bular: kashta tikilgan do‘ppilar, baxmal do‘ppilar, kelinning to‘yda kiyiladigan bosh kiyimi va katta yoshdagi ayollarning bosh kiyimlaridan iborat.
Qizlar yoshlik paytdan kashtali do‘ppi kiyib yurishgan. To‘y arafasida ular kuyovdan sovg‘a sifatida chiroyli rangli baxmal qoplangan, chekkalari ipak hoshiyalar bilan tikilgan do‘ppi qabul qilib olganlar.
To‘ydan so‘ng bu do‘ppini kimxob va shoyidan tikilgan, ichki qismi – xomsurp, issiq va sovuqdan himoya qilish uchun yupqa paxta qatlam bilan ishlangan konussimon do‘ppi – taxya bilan almashtirishgan. Bunday bosh kiyimlar har xil yopishtirilgan va qadama bezakli zargarlik buyumlar bilan to‘ldirilgan. Taxya bir necha yil davomida kiyilgan; bu bosh kiyim egasining yosh kelin ekanligini anglatgan.
