O‘zbekistonning "sochilgan merosini qayta jamlash"ga qaratilgan saʼy-harakatlari CNN nigohida

O‘zbekistonning "sochilgan merosini qayta jamlash"ga qaratilgan saʼy-harakatlari CNN nigohida

Nufuzli "CNN" nashri O‘zbekistonning boy tarixiy merosini tiklash va asrash borasidagi saʼy-harakatlari haqida maqola eʼlon qildi. Maqolada Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, uning maʼnaviy uyg‘onishdagi o‘rni, O‘zbekistonning tarixiy ahamiyatga ega noyob artefaktlarni qaytarish bo‘yicha amalga oshirgan beqiyos ishlari hamda mamlakatning jahon madaniyatidagi nufuzi keng yoritilgan.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — madaniy-ma’rifiy mega loyiha

O‘zbekistonning "sochilgan merosini qayta jamlash"ga qaratilgan saʼy-harakatlari CNN nigohida

Maqolada 2026-yil mart oyida rasman ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki muzey majmuasi emas, balki islom merosining jahon tarixidagi rolini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy mega loyiha ekanligi ta'kidlanadi. Uning maqsadi - O‘zbekistonning o‘z madaniy-tarixiy merosini o‘rganish va kelajak avlodlar uchun saqlab qolishdir.

 

Markazni tashkil etish g‘oyasi birinchi marta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib ilgari surilgan va u yerda loyihaning asosiy tamoyillarini bayon qilgan edi. 

 

Prezident ushbu tarixiy konsepsiyani taqdim etganidan sakkiz yil o‘tgach, u ko‘zga ko‘rinadigan me’moriy timsolga ega bo‘ldi. Balandligi 65 metr bo‘lgan gumbaz va to‘rtta peshtoq mamlakat hududlarining birligini anglatadi. Majmua markazida YUNESKO tomonidan "Jahon xotirasi" xalqaro ro‘yxatiga kiritilgan VII asrga oid mashhur Usmon Mus’hafi (Qur’on qo‘lyozmasi) saqlanayotgan Qur’oni karim zali joylashgan. Zamonaviy raqamli installyatsiyalar bilan boyitilgan ko‘rgazmalar konsepsiyasi islomgacha bo‘lgan davrdan Birinchi va Ikkinchi Renessansgacha, Yangi davr va Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan xronologik o‘q bo‘ylab qurilgan.

 

Markaz ilm-fan, san’at va ta’limni birlashtiradi. Unda 200 ming kitobdan iborat ulkan kutubxona, Xattotlik maktabi, hunarmandchilik ustaxonalari, ta’mirlash laboratoriyasi mavjud.  Markaz hududida xalqaro tashkilotlar, jumladan, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA), Oksford islom tadqiqotlari markazi hamda boshqa ilmiy va madaniy muassasalar ofislari joylashgan.

O‘zbekistonning "sochilgan merosini qayta jamlash"ga qaratilgan saʼy-harakatlari CNN nigohida

WOSCU hamkorligi

 

Markazning asosiy vazifalaridan biri uzoq yillar davomida xorijda qolib ketgan artefaktlarni vatanga qaytarishdir. O‘zbekistonlik olimlar va san’atshunoslar delegatsiyalari dunyoning yetakchi auksion uylari, shuningdek, taniqli xususiy kolleksionerlar va galereyalarga tashrif buyurishdi. Ushbu keng ko‘lamli ishlar natijasida mingdan ortiq noyob buyumlar O‘zbekistonga qaytarildi.

 

Shu bilan birga, 20 davlatdan 400 dan ortiq tadqiqotchilarni birlashtirgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) Markazning ilmiy va madaniy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatladi hamda 1000 ga yaqin nodir artefaktlar, qo‘lyozmalar va muzey eksponatlarini sovg‘a qildi. Bu buyumlar Movarounnahr, Xuroson, Eron, Hindiston kabi mintaqalardan kelib chiqqan bo‘lib, O‘zbekiston tarixiy merosining ajralmas qismidir.

 

SNN maqola so'nggida Markaz direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov so'zlaridan iqtibos keltiradi. Unda loyihaning maqsadi “tarixda sochilib yotgan bilimlar va merosni bir joyga jamlash” ekani, Markaz islom sivilizatsiyasini “tinchlik, ezgulik, ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat sivilizatsiyasi” sifatida namoyish etishni maqsad qilgani ta'kidlanadi.

O‘zbekistonning "sochilgan merosini qayta jamlash"ga qaratilgan saʼy-harakatlari CNN nigohida