Malayziya muzeyidagi O‘zbekiston chavandozligiga oid buyumlar

Malayziya muzeyidagi O‘zbekiston chavandozligiga oid buyumlar

Malayziyadagi Islom sanʼati muzeyida uchta ot anjomi – xurjun (egar xaltasi), yugan va jabduq singari chavandozlik ashyolari saqlanadi. Bu buyumlar yakka holda asta-sekin, 2000-yildan to 2005-yilgacha bo‘lgan davrda, kattaroq xaridning bir qismi sifatida sotib olingan. Ularning ayrimlari Samarqand va Buxorodan keltirilgani aniqlangan. Umuman olganda, ular qisman o‘zbek xalqining XIX asrdagi chavandozlik madaniyatini aks ettiradi.

 

Xurjun tukli gazlama to‘qish texnikasi yordamida to‘qilgan, tuk qirqilgan. U o‘zaro ulangan ikkita to‘rva xaltadan iborat. To‘rvalar og‘ziga, ehtimol, ularni yopish imkoniga ega bo‘lish uchun tasma tikilgan. Xurjunning yuza qismlari handasaviy naqsh (ilgakli romblar) bilan bezatilgan. Asosi – paxta, pahmoq – jun bo‘lib, qizil, to‘q sariq, to‘q ko‘k, oq, yashil va jigarrangga bo‘yalgan. Astari sellyuloza tolali yo‘l-yo‘l matodan (ehtimol kanopdan) iborat. Maʼlumki, bunday turdagi junli mahsulotlarni mahalliy gilamdo‘zlar to‘qigan.

Malayziya muzeyidagi O‘zbekiston chavandozligiga oid buyumlar

Yugan “Laqay va qo‘ng‘irotlarga oid yarim ko‘chmanchi qabilalarning kashtachilik sanʼati” bo‘limida tasvirlangan naqshli buyumlarni eslatuvchi, ammo qo‘y va echki junidan to‘qilgan ensiz panelllardan yig‘ilgan. Ot lo‘njidagi va qanshari bo‘ylab to‘qilgan qo‘shimcha matolar ko‘plab ilgaklar bilan V shaklidagi naqsh ko‘rinishida bezatilgan. Qanshar va chakka qismi to‘q qizil rangdagi baxmaldan qilingan. Bu qismlar kauri chig‘anoqlari, feruza munchoqlar va osma shokilalar bilan bezatilgan.

Malayziya muzeyidagi O‘zbekiston chavandozligiga oid buyumlar

Jabduq – odatda egar ostidan joy oluvchi bezakli mahsulot. U dastgohda to‘qilgan baxmal matosi va ishlov berilgan charmdan tayyorlangan. U-simon quyi qismiga turli rangdagi iplar bilan ko‘plab gullar va bir juft qush tasviri kashta qilib tikilgan. Bu naqshlar so‘zana kashtalarini eslatadi. Jabduqning pastki cheti ipak shokila bilan bezatilgan. Bu mavzu bo‘yicha muhokamalar ko‘p emas, chunki ular bugungi to‘plamlarda ko‘p uchramaydi. Shunga qaramay, murakkab bezak va baxmaldan asos sifatida foydalanish ushbu buyumning qimmatbaho jihozlar sirasiga kirishidan darak beradi.

Malayziya muzeyidagi O‘zbekiston chavandozligiga oid buyumlar

Otlar azaldan qabila jamoalari hayotida muhim o‘rin tutgan. Ular tezligi va chidamliligi uchun qadrlangan, urush paytlarida esa suvoriylar harakatchanligini oshirishda afzal ko‘rilgan. Shuningdek, otlar harakatlanish vositasi sifatida tengsiz bo‘lgan, ulardan sport o‘yinlarida, hatto marosim va maʼrakalarning muhim tarkibiy qismi sifatida foydalanilgan. Otlar o‘z ahamiyatiga ko‘ra egalarining ko‘z oldida hashamatli bo‘lmasa ham, maqomiga munosib anjomlarni olishgan.