Qashqadaryo viloyati Qamashi tumaniga qarashli Mang‘it qishlog‘i atrofida qadimiy tepalik bor. Mutaxassislar ushbu joyni tarixiy Qo‘zi Mundoq shahri deya ishora qilishmoqda. Xo‘sh, Qo‘zi Mundoq kenti haqida bugungi kunda nimalar maʼlum?

Ma’lumot uchun: Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Qo‘zi Mundoq nomi qayd etilgan. Asarda buyuk Sohibqiron Amir Temurning ittifoqchisi Amir Husayn bilan o‘rtasida nizo chiqqani va oxir-oqibat jang qilishga majbur bo‘lganligi haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. “Hazrat sohibqiron Movarounnahr sori borib, Husaynbek cherikini siqqoni” bo‘limida shunday jumlalar bor: “...Hazrat bildikim, bozurgon moli turur, buyurdikim eyalarig‘a bersunlar, va hech bir andin tasarruf qilmadi. Va qarounas elidin besh ming kishi Qo‘zi Mundoqda o‘lturub erdilar. Va Sulaymonbek Yasuriy alarg‘a qotilib va Barot Xoja va Hindushoh taqi cheriklari bilan alarga qo‘shuldilar. Atoichuk va Ko‘dah Xuzordin o‘tib borib alarg‘a qo‘shuldilar...”.
Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida ham Turon zaminning 18-xoni Tarmashirxon ibn Duvo Chechanxon zikrida (317-bet) shunday jumlalar keltirilgan: “...Ukasining o‘g‘li Puron ibn Duvor Temurxon nafis islom kiyimda bo‘lmay, hanuz shirk va zalolatda bo‘lgan odamlar bilan Habadan lashkar tortib, turklarning luy yiliga muvofiq sanayi 718-yilda Keshi dilkash nohiyasidagi Qo‘zi Mundoqda Tarmashirxonni shahodat darajasiga yetkazdi. Uni Samarqand qaryalaridan birida dafn etdilar, unga Tangrining rahmati bo‘lsin”.
Shaharcha nafaqat temuriylar davrida, balki undan ham oldingi zamonlarda ham muhim strategik makon bo‘lib xizmat qilganini keltirilgan manbalar isbotlab turibdi. Atrofi past tepaliklar, o‘rtada esa baland to‘rt burchak shaklidagi tepalik joylashgan. Hudud aholisi uni “qo‘rg‘on” deb ataydi. Lekin ushbu tarixiy joy bugunga qadar hamon o‘rganilmasdan, ro‘yxatga olinmasdan kelmoqda. Natijada bu tarixiy tepalikka aholi tomonidan ziyon yetkazilmoqda. Tepalikdan 500-600 metr uzoqlikda qadimiy zindon ham bor edi. Afsuski, aholi uni ham buzib ustiga uy qurib yuborishgan.
Tepalik ustida ko‘plab sopol parchalari, tarixiy pishgan g‘isht bo‘laklari uchraydi. Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Dilmurod Omonov so’zlariga ko’ra, Xorazmshohlar davlatining so‘nggi davrlarida mana shunday sopol buyumlar keng tarqalgan. Bundan tashqari, yodgorlikning yuzasida temuriylar davriga oid ko‘plab sopol buyumlar ham bor. Ularning o‘ziga xosligi shundaki, oq fon ustiga gorizontal tarzda turli xil chiziqlar bilan bezak berilgan, o‘sha chiziqlarni hosil qilishda qora rangli siyohdan foydalanish ham ko‘proq temuriylar davriga xos. Bu yerdagi pishgan g‘ishtlarning hajmiga qarab davrini aniqlash mumkin: yuzasi 20x20, qalinligi 5 cm. Bu somoniylar davriga xos bo‘lgan pishgan g‘ishtlar standartiga to‘g‘ri keladi.
_1.webp)
Shaharcha anchagina katta maydonni egallagan. Qo‘rg‘onning atrofi shaharcha bo‘lib, u yerda katta bozor, hunarmandchilik ustaxonalari, karvonsaroylar ham bo‘lgan. Shaharcha o‘rtasidan qo‘l kuchi bilan kavlangan, aholi tilida “Xon ariq” deb nomlangan ariq ham o‘tgan va u yaqin yillargacha saqlanib qolgan. Ammo sobiq Ittofoq davrida hammasi tekislanib, o‘rnida qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirila boshlagan, chorvachilik fermaxonasi qurilgan. Bittagina ziyoratgoh buzilmay qolgan. Aytishlaricha, u yerda o‘z davrining ulug‘ avliyolaridan biri dafn etilgan. U yerda maxsus panjara bilan o‘ralgan ikkita qabrni ko‘rish mumkin. Qabr toshiga “Amir Odilbek, amir Muazzamning o‘g‘li amir Barot Xoja ota, Amir Aʼzam... 830/1427 yil Avgust-Sentyabr” deb yozilgan. Aftidan, bu inson ham temuriylar davrida xo‘jalar avlodidan bo‘lgan nufuzli insonlardan biri bo‘lgan. Bundan tashqari, u amirlik maqomida tavsiflangan. Ikkinchi qabrdagi tosh esa noʼmalum sabablarga ko‘ra yo‘qolgan. Hudud aholisi bu yerni “Ko‘ktosh ota” ziyoratgohi deb ataydi.
_1.webp)
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu joy haqiqatda o‘zida tarixning muhim sir-asrorlarini jamlagan. Uni asrab avaylash, o‘rganish, tadqiq etish, kelajak avlodga yetkazish sizu bizning burchimizdir. Ammo ushbu manzil hali-hamon ro‘yxatga olinmagani afsuslanarli. O‘ylaymizki, sohaga aloqador masʼullar ushbu tepalikni tez orada muhofazaga olishadi va arxeologik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Tarixiy Qo‘zi Mundoq maqomi qayta tiklanadi.

Manba: O’zA
