O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalib, allomaning asarlari tarjimalar va nashrlar orqali izchil o‘rganib kelinmoqda. Xususan, zamonaviy talablarga muvofiq, institutda Beruniy merosini raqamlashtirish va uni jahon ilmiy jamoatchiligi uchun ochiq elektron platforma ko‘rinishida taqdim etish bo‘yicha amaliy loyiha amalga oshirildi.

O‘zR FA Axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, loyiha doirasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Turkiya, Fransiya, Eron va Hindiston kabi mamlakatlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalari to‘planib, ularning ingliz tilidagi ilmiy tavsiflari bilan birga Heritage of Beruni saytiga joylashtirildi. Portal 43 ta asarga oid 172 qo‘lyozmaning 12 jildlik ilmiy tasnifini, shuningdek, Beruniyning hayoti hamda sayt haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.
Shu asosda institut qo‘lyozmalar fondida maxsus raqamli “Beruniy kolleksiyasi” shakllantirildi. Loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida institut direktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Scientific heritage in a digital format” sarlavhali maqolasi The UNESCO Courier jurnalida chop etildi.

Kelgusida Rossiya va arab mamlakatlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni ham ushbu tizimga qamrab olish rejalashtirilgan.
