UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Samarqand: 3000-yillik meros” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Unda Samarqand shahrining uch ming yillik tarixi ilmiy jihatdan baholandi.

Oʻzbekiston hamda xorijlik olimlar Samarqandning boy tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosi haqida maʼruza qilib, shaharning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini ilmiy jihatdan yoritdi. Afrosiyob va Ko‘ktepa kabi arxeologik yodgorliklarda xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Afrosiyob, Koʻktepa va boshqa arxeologik obyektlarda olib borilgan qazishmalar natijalari Samarqand hududidagi ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi II ming yillikka borib taqalishini koʻrsatmoqda. Bu topilmalar Samarqand va uning atrofida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanib kelganini anglatadi.

Muhokamalar davomida Samarqandning tarixi uch ming yildan kam emas, degan ilmiy xulosaga kelindi. Ilgari taʼkidlanib kelingan 2750 yillik baholash qayta koʻrib chiqilib, Samarqandning yoshi rasman 3000 yil deb belgilandi.
