AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, deya xabar qildi Markaz axborot xizmati.
_1.webp)
Mehmonlar Markaz faoliyati, uning o‘ziga xos milliy arxitekturasi va bunyodkorlik yechimlari, muzey ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi. Muzeyda namoyish etilgan noyob artefaktlar, qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy osori-atiqalar mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi. Ular O‘zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash, uni jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.
Markaz ekspozitsiyasi zamonaviy ilmiy yondashuv va texnologik yechimlarga asoslangan bo‘lib, unda “Sivilizatsiyalar, Shaxslar va Kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning ilmiy merosi va jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.
AQSH delegatsiyasining ushbu tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

