Dalvarzin xazinasi: oltin to‘la ko‘za kimga tegishli edi?

Dalvarzin xazinasi: oltin to‘la ko‘za kimga tegishli edi?

O‘zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatida joylashgan Dalvarzintepa manzilgohidan qalʼa, budda ibodatxonalari, hunarmandchilik va turar-joy binolari, devoriy rangtasvir va haykaltaroshlik asarlari parchalari, ko‘plab kulolchilik buyumlari topilgan.

 

1972-yilda O‘zbekiston arxeologiyasi tarixiga kirgan voqea ro‘y berdi. Dalvarzintepa hududidan oltin to‘la ko‘za topildi. Ko‘zada 115 ta buyum – tillalar, zargarlik taqinchoqlari bor edi. Aksariyati yaxshi saqlangan. Topilgan oltinning sof og‘irligi 35 kg 713 grammni tashkil qilgan.

 

Oltin xazina nimalardan iborat edi?

Quyma oltin bo‘laklari, sovg‘a dalolatnomalari, ehtiyotkorlik bilan disk shakliga keltirilgan quymalar va qalin silindrsimon yoki bodom shaklidagi halqalar ko‘rinishidagi zargarlik buyumlari, shuningdek, tayyor zargarlik buyumlari – ziraklar, to‘qalar, bo‘yin taqinchoqlari (jevak, marjon, peshgardon), har ikki tomondan spiral burma bilan halqalangan bilaguzuklar bor edi.

 

Quymalar ustidagi yozuvlar punson usuli (turli o‘lchamdagi nuqtalar ko‘rinishidagi chuqurchalar)da bajarilgan va Kushonlar podsholigi tarkibiga kirgan Shimoliy Hindistondagi va o‘sha davrda keng tarqalgan kxaroshtxi yozuvi (oromiy asosli hind yozuvining bir turi)da bitilgan. Ulardan birida “Ma‘bud Mitra in‘omi” deb yozilgan.

 

Zargarlik buyumlari juda ustalik va badiiy mahorat bilan tayyorlangan. Noyoblari orasida beshta bog‘ichdan iborat zanjir mavjud bo‘lib, ularning har biri sakkizta simdan “o‘rib” to‘qilgan. Oltin “zanjirlar” ikkala uchida qimmatbaho toshlar – qizil yoqut va feruza bilan bezatilgan ichi bo‘sh silindrlar bilan mahkamlangan. 

Dalvarzin xazinasi: oltin to‘la ko‘za kimga tegishli edi?

Yana bir buyum – zebigardan bir-biriga payvandlangan uchta shishirilgan yarim doiralardan iborat bo‘lib, ular tor tomonlarida ilmoqli mahkamlagich bilan, keng tomonlarida esa bir xil chorburchak qisqich bilan bog‘langan. Taqinchoq o‘rtasida keng oval hoshiya joylashgan bo‘lib, unga intaliya (o‘yma tasvirli qimmatbaho tosh) o‘rnatilgan. Tosh, o‘z navbatida, ellinistik san’at an’analari bilan bog‘liq bo‘lib, unda yon bilan turgan soqolli Gerkulesning kichik tasviri aniq ko‘rinadi. Ushbu qahramon bizga Qadimgi Yunoniston afsonalaridan juda yaxshi ma‘lum bo‘lib, bu qahramon yuzi Osiyoda juda mashhur edi – biz uni tangalar, o‘yma tasvirli toshlar va kichik plastik shakllarda (bronza haykalchalar, terrakota) ko‘ramiz.

Dalvarzin xazinasi: oltin to‘la ko‘za kimga tegishli edi?

Yana bir zargarlik buyumi – oltin to‘qa “hayvon tasvirli” va polixrom uslub (yoki qadama) an’analarida yaratilgan. Xazinaning bir qismi sifatida oy shaklidagi, ingichka spiral o‘ram bilan bezatilgan turli xil ziraklar ham topilgan.

Dalvarzin xazinasi: oltin to‘la ko‘za kimga tegishli edi?

Akademik Edvard Rtveladze xazinaning beqiyos ahamiyati haqida shunday degandi: 

“Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, xazina milodiy I asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu qadimgi O‘rta Osiyodagi eng yirik davlat bo‘lgan, o‘z qudratiga ko‘ra Rim va Xitoy Xan imperiyasi kabi jahon davlatlaridan qolishmaydigan Kushonlar podsholigining paydo bo‘lish davriga to‘g‘ri keladi. Faol xalqaro munosabatlar va aloqalar, jumladan, savdo-sotiq moddiy va badiiy madaniyat ashyolari almashinuviga yordam berdi. Xazinadan yunon va hindlar tomonidan olib kelingan buyumlar topilganligi bejiz emas. O‘sha davrdagi Baqtriya san’ati o‘ziga xos turli ta’sirlar qorishmasi bo‘lgan: unda O‘zbekiston hududida Iskandar Maqduniy yurishlaridan to ilk o‘rta asrlargacha saqlanib qolgan yunon-rum badiiy an’analari yaqqol ko‘rinadi”. 

 

Xazinaga o‘z vaqtida ilmiy baho bergan G.A. Pugachenkova fikriga ko‘ra, bu mahsulotlar Hindistonga qarshi yurishlar paytida, podshoh Kujula Kadfiz yoki Vima Kadfiz davrida olib kelingan va kushon zodagonlari vakiliga tegishli edi.

“Xazina ilm-fan olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi – birinchidan, u Kushonlar davri zargarlik san’ati, o‘sha paytda mavjud bo‘lgan badiiy uslub va didlarni baholash imkonini beradigan noyob buyumlar bilan ta’minladi... Oltin quymalarining kelib chiqishi hali hamon munozarali masala. Fikrimcha, ular Kushon podshohlari xazinasiga to‘lanadigan soliqning bir qismi bo‘lgan. Boshqa taxminga ko‘ra esa, quyma oltinlar mahalliy ibodatxonaga sovg‘a bo‘lgan degan fikr ham mavjud; chunki bu amaliyot o‘sha vaqtda keng tarqalgan edi. Shunday qilib, topilmaga ko‘ra, xazinali uy mahalliy zodagonga tegishli yoki saroy binosi bo‘lishi mumkin”, - deydi Pugachenkova.

 

Jahon arxeologik amaliyotida oltin xazinalar juda kam uchraydi va shuning uchun juda qimmatbaho hisoblanadi. Baqtriya hududi boryo‘g‘i ikkita xazinasi bilan maqtana oladi – bu mashhur Amudaryo xazinasi (yoki Oks xazinasi) va Dalvarzin xazinasi. 

 

Ayni paytda Dalvarzin xazinasidagi barcha buyumlar O‘zbekiston qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat fondida saqlanmoqda.