Rassom Stanislav Poznanskiy 1909-yilda Varshavada tug‘ilgan. U Polsha poytaxtida o‘sib ulg‘aygan va deyarli butun umri davomida shu yerda yashagan...
Poznanskiy asarlarining juda qiziqarli bir kichik guruhi – uning xorijga rassomchilik borasida qilgan sayohatlari paytida yaratilgan asarlardir. U Sankt-Peterburg, Moskva, Sergiyev Posad, Qrim bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, baʼzan hatto Sharq tomonga qarab yurgan holda Gruziya, Armaniston, Tojikiston va O‘zbekistonga sayohat qilgan.
Poznanskiy asarlarining eng keng qamrovli kichik guruhi 1963-yilda O‘zbekistonga bir necha haftalik tashrifi davomida yaratilgan. Ular "sayohat jurnali" deb nomlangan uslubda yaratilgan bo‘lib, rassomning avvalgi asarlari bilan maʼlum maʼnodagi o‘xshashlikka ega. Asosan bu rassomning taassurotlari va tashqi dunyodan uzoqligini aks ettiradigan, tez va nozik bo‘yoqlar bilan ishlangan lipidar (aniq) xomaki chizmalar va akvarellar edi. Ularning ko‘pchiligi rassom uyga qaytgach yaratgan yangi, yanada murakkab shakllarga ega bo‘lgan moy bo‘yoqli rasmlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Lekin shunga qaramasdan, uning baʼzi asarlari, shu jumladan O‘zbekiston eskizlari, hech qachon yangi asarlar yaratishda ishlatilmagan va shu sababli ularda tugallanmaganlik xususiyati saqlab qolingan.

Poznanskiy tomoshabinlarga kengroq tasavvurlarni yetkazib berish maqsadida ko‘pincha o‘zbek shaharlari tasvirlarini qush parvozi balandligida chizar edi. Baʼzi ishlarida shahar atrofidagi uylarning to‘rtburchak shakllari geometrik shakllar va tekisliklarga aylantirilgan. Baʼzi bir asarlar uslubiy jihatdan yanada mavhumroq. Rassom O‘zbekiston shaharlari tasvirlarini chizar ekan, u ko‘pincha gavjum tor ko‘chalarni diagonal bo‘ylab tasvirlaydi. Shunday qilib, shahar panoramasining kichik lavhalari, sxematik tarzda tasvirlangan inson qiyofalari bilan to‘ldirilgan shahar manzarasining aniq ifodasiga aylanadi. Kompozitsiya ayni paytda maʼlum bir joyga qaratilgan kattalashtirilgan tasvir, stop-kadr (harakatsiz lavha)ga o‘xshaydi. Yorug‘lik, shubhasiz, uning yutug‘i edi, chunki u qilgan sayohatlarining aksariyati kuzda, ranglar faolligi sustroq bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Odatda Poznanskiy o‘zining rassomchilik borasidagi sayohatlari davomida inson qiyofalari bilan qiziqmagan. Lekin O‘zbekiston bundan mustasno edi. Rassom mamlakatda bo‘lganida, ehtimol bu yerdagi liboslarning boyligi va ekzotikligi, inson toifalarining xilma-xilligiga qoyil qolgan holda, ko‘plab akvarel eskizlarini yaratgan. Boshidan tovonigacha to‘q sariq rangdagi libosga o‘ralgan ayollar, yorqin anʼanaviy chopon kiygan erkaklar – bular suratlardagi yorqin nuqtalarning hali hammasi emas.

Stanislav Poznanskiy 1996-yilda vafot etgan. Uning O‘zbekistonga safari paytida yaratilgan asarlari 1970-yilda va 2006-yilda Varshavadagi muzeyda namoyish qilingan.
