XIX asrdagi Buxoro amirligining geografiyasi, geologiyasi, etnografiyasi hamda antropologiyasi haqidagi eng qimmatli va noyob maʼlumot manbalaridan biri bu – Leon Barshchevskiy qoldirgan fotosuratlar va boshqa hujjatli materiallardir.
Polyak millatiga mansub Barshchevskiy 1849-yil o‘sha paytda Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan Varshavada tug‘ilgan. Ota-onasining bevaqt o‘limidan so‘ng uni Ukrainadagi bir oila asrab oladi, keyinroq esa Kiyevdagi Vladimir harbiy maktabiga o‘qishga yuboriladi. Harbiy o‘quv yurtilarini tamomlab, butun faoliyati davomida chor imperiyasi armiyasiga xizmat qiladi va polkovnik darajasiga yetadi. 1876-yilda u o‘z xohishiga binoan Samarqandda joylashgan topografik batalyonga ko‘chiriladi va shu yerda 1897-yilgacha qoladi.

Barshchevskiy Samarqanddan sobiq Buxoro amirligi, Turkiston va Badaxshon xonliklari, Darvoz hududlari bo‘ylab yigirmadan ortiq ekspeditsiyalarni olib bordi. U Pomir tog‘i etaklari va Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrigacha bordi. Barshchevskiy dala sharoitlarida Xitoy va Afg‘onistondagi transport yo‘nalishlarini o‘rgandi va hududning batafsil xaritasini tuzdi.
O‘z tadqiqotlarida Barshchevskiy bor diqqatini mahalliy aholi: ularning eʼtiqodi, urf-odatlari va turmush tarzini o‘rganishga qaratdi. U xushmuomalaligi va mehribonligi bilan mahalliy jamoalarning hurmati hamda ishonchini qozondi. Afsona va uydirmalar, eʼtiqod va xurofotlar haqidagi maʼlumotlarni yozib bordi. U ko‘pincha olis tog‘li hududlarga yetib borgan ilk yevropalik bo‘lib chiqardi.
Mahalliy amaldorlarni suratga oldi
Barshchevskiy o‘z ekspeditsiyalari davomida kamerasidan hech qachon ajralmagan va uning obyektivini tez-tez odamlarning chehralari hamda yorqin liboslariga to‘g‘rilagan. Shu tarzda u ijtimoiy mavqeini taʼkidlab turuvchi qimmatbaho kiyimlar kiygan hukmdorlar va mahalliy amaldorlarni suratlarga muhrlagan.
Bu fotosuratlar u duch kelgan ko‘pmillatli jamoalarning to‘liq ijtimoiy ko‘lamini namoyon qiladi. Kartinalar juda oddiy kiyimlardan tortib qimmatbaho parcha matosi va ipak baxmaldan tikilgan, kashta, zar ip yoki rangli Buxoro kashtasi bilan bezatilgan hashamatli choponlargacha o‘sha davrdagi turli ijtimoiy guruhlar kiygan liboslar haqida maʼlumot beradi. Barshchevskiy yuqori mansab egalari bo‘lgan amaldorlarni milliy bosh kiyimlari – turli matodan yasalgan ko‘pqavatli sallalarida suratga olgan. Uning fotosuratlarida anchagina mashhur yo‘l-yo‘l mato – beqasamdan, shuningdek, qo‘y shoxi, doira gul, bodom, anor singari o‘simliklar va zoomorfik motivlar asosidagi ipak hamda paxtadan tikilgan erkaklar kiyimlari uchraydi.
Leon Barshchevskiy o‘zi tashrif buyurgan hududlarning kundalik hayoti va meʼmorchiligi, manzaralarini, ko‘plab shaxslar, jumladan, ayollarning noyob tasvirlarini ham fotosuratlarida aks ettirdi.

Fotografiyadan muzliklar, etnografiya va arxeologiyagacha
Barshchevskiyni bejiz polyak reportaj fotografiyasining kashshofi (yangilik yaratuvchisi) deb aytishmaydi. Uning suratlarida Samarqand va Yakkabog‘ kabi shaharlar madrasa, masjidlar va bozorlar singari meʼmorchilik namunalari bilan birga tasvirlangan. U manzarali tog‘ qishloqlarini tepaliklar yonbag‘ridagi uylari bilan, shuningdek, Hisor qalʼasini suratlarga abadiy muhrladi.
O‘z ekspedetsiyalari davomida Barshchevkiy ko‘plab metall rudalari va qimmatbaho toshlar (jumladan, oltin, olmos, nefrit va lojuvard) konlarini kashf qildi va Zarafshon hamda Hisor tizmalaridagi muzliklarda novatorlik tadqiqotlarini olib bordi. Bu uning taniqli muzlikshunos hamda Osiyo muzliklarini o‘rgangan birinchi polyak tadqiqotchisi sifatida eʼtirof etilishiga sabab bo‘ldi.
Barshchevskiy etnografik va arxeologik tadqiqotlarni ham olib borib, o‘simlik hamda hayvonlar, hasharotlar va minerallar nusxalarini ham to‘plagan. U qadimiy Samarqandning yuragi bo‘lgan shahar – Afrosiyobda arxeologik tadqiqotlar olib borgan ilk tadqiqotchilardan biri edi.

Samarqandda 20 yil yashadi
Leon Barshchevskiy Samarqandda 20 yil yashadi. U bu yerda Irena Nedjveskayaga uylandi va ayoli bilan besh farzandni voyaga yetkazdi.

1995-yilda Varshavadagi Osiyo va Tinch okeani muzeyida “Leon Barshchevskiy – Markaziy Osiyoning unutilgan tadqiqotchisi” nomli ko‘rgazma tashkil qilingan.
Uning ilgari Buxoro amirligi va Turkiston deya atalgan mamlakat odamlari, o‘simliklari hamda hayvonot olami haqidagi qaydlari bugun Markaziy Osiyo tarixini o‘rganuvchi mutaxassislar uchun ajoyib manba hisoblanadi.
