Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov taklifiga binoan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi hamda majmua hududida barpo etilayotgan innovatsion muzey bilan tanishdi.

Mehmon majmua bilan tanishar ekan, faoliyati hadis ilmi va Imom Buxoriyning merosini tadqiq qilish va targ‘ib qilishga qaratilgan Shayx Nosir az-Zahroniyni O‘zbekistonga taklif qilishni, majmua faoliyati boshlangandan so‘ng birinchi juma namozini Makkaning bosh imomi o‘qishi kabi tashabbuslarni ilgari surdi.
Shayx doktor Nosir az-Zahroniy (Dr. Sheikh Nasser Al-Zahrani) Saudiya Arabistonidan bo‘lgan maʼruf ulamolardan biri bo‘lib, u Islom taʼlimoti, xususan, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi bo‘yicha faoliyat yuritadi. Nosir Zahroniy Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarning asarlarini qadrlaydi va ularning merosini saqlashga katta ahamiyat beradi. Maʼlumotlarga ko‘ra, uning tashabbuslari orasida Islom tarixi va ilm-faniga bag‘ishlangan muzeylar tashkil etish ham bor, bu yerda Imom Buxoriy va shuningdek, boshqa muhaddislarning asarlari namoyish etiladi.
Tashrif so‘ngida ICESCO rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiyani iyun oyida Saudiya Arabistoniga taklif qildi.

