O‘rta Osiyoga birinchi bo‘lib kelgan venger sayohatchisi Arminiy Vamberi bo‘ladi. U o‘zining kundaliklarida yozishicha, ushbu mintaqaga kelishiga turkiy xalqlarning yashash sharoiti, tili va shevalarini o‘rganish, turkiyzabon xalqlari haqida ko‘proq maʼlumot to‘plash sabab bo‘lgan. U venger tilining turkiy tillar, xususan, O‘rta Osiyo turkiy tillari bilan bog‘liqligiga ishonch hosil qilgan.
Vamberi boshlab qo‘ygan sayohat g‘ayrioddiy bo‘lishi bilan birga, o‘sha paytda xavfli ham edi. Birinchidan, mashaqqatli, qolaversa, Vamberining jismoniy imkoniyatlari ham cheklangan edi, ikkinchidan, XIX asr o‘rtalarida O‘rta Osiyo davlatlarida yevropalik mehmonlarni uncha xushlamasliklari ham oydek ravshan edi. U yerga olib boradigan yo’l yevropalik sayohatchi uchun xavfli ekanini anglab yetgan Vamberi darvesh qiyofasida sayohat qilishga qaror qiladi.

Vamberi ushbu xavfli sayohatga o‘ta ehtiyotkorlik bilan tayyorlanadi. Istanbulda yashagan paytlarda u mintaqa turkiy xalqlarining tillarini yaxshi o‘rganishga bor kuchini sarflay boshlaydi. U bu yerdagi qo‘lyozmalarni o‘rganib, Naqshbandiya tariqatidagi so‘fiylar istiqomat qiladigan joylarda tez-tez bo‘lib, so‘zlashuv tilini puxta egallashga harakat qiladi. Bu yerda unga darveshlik bilan kun kechiruvchi Xolmurod ismli mulla ustozlik qilgan. Vamberi aynan uning yordami bilan nafaqat tillarni o‘rganishga, balki mahalliy urf-odatlar haqida qimmatli maʼlumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
1863-yil mart oyida Vamberi turkmanlarning yovmut qabilalari yerlari orqali va undan keyin sahro bo‘ylab Xiva, so‘ngra Buxoro tomonga yurish maqsadida yo‘lga chiqadi. Istanbulda tanishib qolgan Xiva xonining Usmonli saroyidagi sobiq elchisi Shukrullobekning ko‘magi bilan o‘sha yilning iyun oyida Xivaga yetib keladi. Bu yerda uni xonning o‘zi shaxsan qabul qiladi.

Bir oycha xonlikda bo‘lib, so‘ng Buxoroga jo‘nab ketadi. Bu shaharda u o‘n sakkiz kun yashab qoladi. Vamberi sayohatidagi keyingi manzil Samarqand bo‘lib, bu yerda uni shaxsan amirning o‘zi kutib oladi. Bu yerdan sayohatchi Qarshi, Hirot, Mashhad va Tehron orqali G‘arbga qaytishga qaror qiladi. Safarning mana shu pallasida u xivalik o‘zbek yigiti bilan do‘stlashib qoladi. Bu yigitning ismi Mulla Isʼhoq bo‘lib, u Vamberiga ergashib Vengriyaga kelib qoladi.
Vamberiga ergashib...
Mulla Isʼhoqning Vengriyaga kelishi va yashab qolishi favqulodda hodisa edi. 1864-yilning iyun oyida gazetalar Vamberi uni “venger tili va sharq tillari o‘rtasidagi genetik bog‘liqlikning jonli isboti” sifatida o‘z vataniga olib kelgani haqida xabar tarqatishdi. Mulla Isʼhoq ommaning eʼtiboriga tushdi. Dastlab Isʼhoq Vamberining do‘sti Yojef Budensning uyida yashagan va uning lingvistik tadqiqotlarni olib borishida va shuningdek O‘rta Osiyo turkiy tili bo‘yicha bilimlarini rivojlantirishida yordam bergan. Mamlakatdagi hayotining dastlabki oylarida unga Vengriya Fanlar akademiyasidan moddiy yordam berib turilgan. 1864-yil iyul oyida Mulla Isʼhoq og‘ir kasal bo‘lib qoladi – unga drakunkulyoz (rishta) tashhisi qo‘yiladi. Yevropada juda kam uchraydigan ushbu drakunkulyoz infeksiyasini yaxshiyamki, tajribali shifokor Gustav Lang muvaffaqiyatli davolaydi.
Jurnallarda chop etilgan qisqacha xabarlarga ko‘ra, Mulla Isʼhoq tez orada vengercha kiyim kiya boshlagan va venger tilini shu qadar yaxshi o‘rganganki, Akademiyaning kotibi, mashhur shoir Yanosh Aranining dostonini o‘z tiliga tarjima qila boshlagan.

Mahalliy gazetalardagi qisqacha maʼlumotlardan maʼlum bo‘lishicha, 1871-yilga kelib Mulla Isʼhoq Nadkanijidagi venger duradgorining qiziga uylanadi hamda Iskandar va Fotima ismli ikki nafar farzandli bo‘ladi.
Ehtimol, xivalik bu inson o‘z uyini sog‘inib, uyga qaytishni ham o‘ylagan bo‘lsa kerak. Biroq turli noqulay sharoitlar tufayli u hech qachon bu orzusini amalga oshira olmaydi. 1874-yilda berilgan qisqa xabarlarda Mulla Isxoq urush sabab o‘z shahri - Xivaga bora olmagani va ortga qaytishga majbur bo‘lgani haqida bayon qilinadi. Shuningdek, xabarlarda uning o‘z vataniga qaytish fikridan aslo qaytmagani, Rossiya bo‘ylab sayohat qilgani hamda unga bu safarda rafiqasi va o‘g‘li Iskandar hamrohlik qilgani haqida ham bayon qilingan.
1892-yilning mart oyida Mulla Isʼhoq yurak xastaligi tashhisi bilan kasalxonaga yotqiziladi. Oradan bir necha hafta o‘tgach berilgan yangiliklarda u tuzalib, uyiga jo‘natilgani haqida xabar qilinadi. Shundan so‘ng, Isxoq Budapeshtdan 50 kilometr janubdagi, Velense ko‘li bo‘yida joylashgan shu nomdagi qishloqqa dam olish uchun jo‘nab ketadi. 1892-yil may oyining 10 sanasida shu qishloqda vafot etadi va shu yerda dafn etiladi. Mashhur olimning vafoti haqida ko‘plab kundalik gazetalarda xabarlar berilgan. Dafn marosimi va janoza namozini Budapeshtda xizmat qilayotgan bir imom o‘tkazgan.

Mulla Isʼhoq vengerlar uchun Markaziy Osiyo hayotining turli jabhalari, bu yurtning turmush tarzi, qishloq xo‘jaligi, tili va urf-odatlari haqida bebaho va ishonchli bilim manbai bo‘lgan. Uning o‘zi yozishni boshlagani aytilgan, Vengriya haqidagi kitob tugallanmay qolgan. Vamberi qoldirgan yozma merosida Mulla Isʼhoq qanday qilib va nima uchun unga qo‘shilib qolgani, nega o‘z vatanini tark etishga qaror qilgani haqida qisqacha maʼlumot keltirilgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Vengriya Fanlar akademiyasi to‘plamida” (42-jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
