Londondagi auksion uylaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 60 ga yaqin lot saralandi

Londondagi auksion uylaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 60 ga yaqin lot saralandi

Xabar berilganidek, 2025-yil 25-apreldan 2-mayga qadar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyaning London shahrida xizmat safarida bo‘ldi va mashhur Sotheby‘s va Christie‘s auksion uylaridagi savdolarda ishtirok etdi.

 

Qayd etish kerak, safar doirasidagi uchrashuvlarda, tashkiliy masalalarda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, elchixona masʼul xodimi Jasur Valiyev tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

 

Mazkur savdo uylaridagi kimoshdi savdosida O‘zbekiston madaniy merosiga, xususan, Islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda xonliklar davriga tegishli nodir osori-atiqalar, Boburiylar davriga oid 2 ta xanjar (bittasi qini bilan), bitta qilich (qini bilan), bitta qimmatbaho xanjar dastalari mavjudligi maʼlum qilindi.

 

– Savdolarda O‘zbekiston madaniy merosiga bevosita aloqador bo‘lgan 60 ga yaqin lot saralandi. Ular orasida 9 ta nodir Qurʼon fragmenti va sahifalari, 3 ta Qurʼon qo‘lyozmasi bor. Jumladan, Amir Temur topshirig‘iga asosan xattot Umar Aqtaʼ tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qurʼon qo‘lyozmasining bir parchasi (Boysung‘ur Qurʼoni) muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, auksionda savdoga qo‘yilgan tarixiy eksponatlarda qo‘lyozmalar, miniatyuralar, xalq amaliy sanʼati namunalari borligiga guvoh bo‘ldik, – deydi Firdavs Abduxoliqov. 

 

Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyada istiqomat qiladigan Ali Saruxani, Sem Fogg, Mehmet Keskiner, Dovud Shoh, Bilal Sutchi singari kolleksionerlarning shaxsiy to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid tarixiy durdonalar bilan tanishdi. Xaliliy kolleksiyasi vakillari bilan xalqaro ko‘rgazma bo‘yicha kelishib olindi. Kolleksionerlardan ushbu nodir artefaktlarni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmaga olib kelish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Londondagi auksion uylaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 60 ga yaqin lot saralandi