O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Rossiyaning “Divi” kinokompaniyasi hamkorligida "O‘zbekiston. G‘alabaga yo‘l" nomli tarixiy-badiiy hujjatli film tasvirga olindi.
Mazkur hujjatli film O‘zbekistonning urush yillarida minglab evakuatsiya qilinganlar taqdiriga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi yillarda evakuatsiya qilinganlarning Toshkentga kelishi, turli respublikalardan yetim bolalarni o‘z farzandidek qabul qilgan o‘zbek oilalari, o‘zbek askarlari va frontchilarning jasorati aks etgan. Urush yillaridagi o‘zaro yordam anʼanalarining davomi sifatida 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkent shahrini qayta qurishdagi hamjihatlik jihatlari ham qamrab olingan.
Filmning asosiy sahnalarini suratga olish ishlari Toshkentdagi Xotira va qadrlash maydoni, shuningdek, urush yillarida chinakam insonparvarlikni ulug‘lovchi oila sifatida katta jasorat ko‘rsatib, turli millatga mansub bo‘lgan 15 nafar bolalarni asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik majmuasi hamda G‘alaba bog‘i hududida olib borildi.
Filmda Rossiya, Yevropa va O‘zbekistonning yetakchi aktyorlari, tarixchilari va ijodiy jamoalari qatnashgan.
Maʼlumki, 1941-yilda respublikamiz aholisi 6 mln 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 mln yurtdoshimiz frontga otlandi. 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi. Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekiston aholisi taxminan 6,5 mln kishini tashkil qilardi. Janglar kechayotgan hududlardan mamlakatimizga 1,5 mln nafardan ortiq kishi ko‘chirib kelingan.

