Kulollardan layfxak – Rishton o‘rdaklari

Kulollardan layfxak – Rishton o‘rdaklari

Rishton kulolchiligida qush shaklini olgan – o‘rdak, obdasta o‘rdak kabi suv idishlar alohida eʼtiborga molik.

 

O‘rdaklarni ishlab chiqarish erkaklarning kasbi bo‘lib, ancha sermashaqqat hunar sanalgan. Dastlabki bosqichda loy tanlanadi, u juda qayishqoq, shaklni yaxshi ushlaydigan bo‘lishi kerak. So‘ng kulolchilik charxida alohida qismlarga bo‘lib tayyorlanadi va ular suyuq loy – shliker yordamida bir butun qilib yig‘iladi. Natijada ushlashga qulay halqasimon dastali va ikkita teshikli, qanotli o‘rdak-idish hosil bo‘ladi. Bitta teshik – o‘rdakchaning dum qismiga yaqinroq mahkamlangan karnaysimon og‘izning oxirida joylashgan bo‘lib, unga suyuqlik solingan. Ikkinchisi suv ichishga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rdakning tumshug‘ida joylashgan. Tayyor o‘rdak turli timsollar va naqshlar bilan bezatilgan va nihoyat, ishqorli sir bilan qoplangan. Bunday sirlar sho‘rxok yerlarda o‘sadligan ishqorga boy o‘simliklarning kulidan olingan.  

 

Baʼzan o‘rdak xo‘roz shaklida yasalib, xo‘roz-obdastaga aylantirilgan. Uning o‘rdakdan farqi boshidagi toji bo‘lgan. Lekin anʼanaviy kulolchlikda qushlarga o‘xshatib ishlangan barcha sopol idishlar hozirgi paytda o‘rdak deb ataladi.

 

Bunday idishlarni yasash bilan ko‘za yasovchi ustalar – ko‘zagarlar shug‘ullangan. Chunki o‘rdaklar ham ko‘za o‘rnida ishlatilgan, tantanali marosimlarda ham foydalanilgan. Idishga nafaqat suv, balki sharbatlar solib dasturxonga tortilgan. Asosiy jihati o‘rdakdan yotgan holda ham suyuqlik ichsa bo‘ladi – teshiklaridan biri barmoq bilan yopilsa, undagi suyuqlik to‘kilmaydi. Quvnoq davralar uchun layfxakning o‘zginasi!  

 

Rishton o‘rdaklar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. Mashhur kulollar – 19 asrda yashagan usta Bobo Salim, uning o‘g‘li Bobo Hoji Mirsalimov va nabirasi Zamzam Boboxo‘jayeva, O‘zbekiston xalq ustasi Ibrohim Komilov, uning shogirdi Ashurali Yo‘ldoshevlar o‘zlarining ajoyib o‘rdaklari bilan shuhrat qozonishgan.

 

O‘rdak idishlarni yasash anʼanasi O‘zbekistonning boshqa shaharlarida, shuningdek, qo‘shni Tojikistonda ham tarixiy ildizlariga ega bo‘lib, ularni murg‘obi, murg‘oba (toj. o‘rdak, murg‘-qush, ob-suv) deyilgan.

 

Nima uchun aynan o‘rdak qadimdan suv idishlari uchun eng mashhur shaklga aylangan? Shubhasiz, ushbu qushning xususiyatlari ko‘proq taʼsir ko‘rsatgan: chunki o‘rdak nafaqat suvda suza olgan, balki quruqlikda ham yura olgan va osmonda ham ucholgan. Shu tarzda o‘rdak uchta muhit – yer, suv va osmon birligining ramziga aylangan. O‘rdakning ucha olish qobiliyati tufayli uning nomi ruh haqidagi afsonalar bilan bog‘langan.  Suv unsuri bilan bog‘liqligi o‘rdakni hosildorlik g‘oyasi bilan yaqinlashtiradi. Bir qator xalqlar mifologiyasida hayot qush tomonidan qo‘yilgan tuxumdan boshlanadi va bu ham o‘z o‘rnida o‘rdakning mahsuldor ibtido timsollari sirasidan o‘rin olishiga sabab bo‘lgan. Shuninggdek, yangi yil g‘oyasi, qayta tug‘ilish ham o‘rdak timsoli bilan bog‘langan.

 

O‘rdak idish yasash anʼnasi turli mamlakatlarda ham keng tarqalgan. Dastlab bu anʼana Yaqin sharqda, bronza davrida paydo bo‘lgan. Etrusklar va qadimgi yunonlar, Sharqiy Osiyoda esa Xitoy, Koreya va Yaponiya ustalari o‘rdak-idishlar yasashgan. Yevropa madaniyatida bunday idishlar akvamanilalar (lot. aqua – suv, manus – qo‘l) deb atalgan. Ular cherkovlarda qo‘l yuvish uchun va baʼzida kundalik hayotda ishlatilgan.   

 

Qadimgi Sharq kashfiyoti sanalgan o‘rdak-idishlar, ko‘plab mamlakatlarni “aylanib uchib” hozirgacha o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda.  

Kulollardan layfxak – Rishton o‘rdaklari