O‘zbekiston – tarixiy obidalar yurti. Obidalarning har bir naqshi, har bir g‘ishti o‘z davridan so‘zlaydi. Har birida o‘ziga xos sir, o‘ziga xos tarix yashirin...
Tarixiy obidalarning turlari xilma-xil. Ularning qadimgilari arxeologiya yodgorliklari sirasiga kiruvchi ko‘hna shaharlar xarobalari, qo‘rg‘onlar, manzilgohlar, mudofaa inshootlarining qoldiqlari, tosh bitik va suratlardir.
Mamlakat, xalq tarixiy-madaniy merosining bir bo‘lagi bo‘lgan tarixiy yodgorliklarning kichik o‘lchamdagi maketlari yaratilib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olishi rejalashtirilmoqda.
- Ilk o‘rta asrga oid tarixiy obidalar, jumaladan Afrosiyob, Mingo‘rik shaharlari to‘g‘risida maʼlumotlar bor-u, lekin 3 D maketlari hali yaratilmagan. Ilk islom davri ham juda qiziq. Arab geograflari yozib qoldirgan maʼlumotlar asosida o‘sha davr shaharlarini vizual jonlantirilmoqda. Islomgacha shaharlar ikki qismdan: o‘rda va shahristondan iborat edi, Islom davri kirib kelgach, rabotlar, savdo rastalari, masjidlar paydo bo‘lgan. Ularni bugungi va kelgusi avlodga yana-da kengroq, chuqurroq maʼlumot qoldirishni maqsad qilganmiz, - deydi arxitektura fanlari doktori, professor Abdumannop Ziyoyev.
Shuningdek, ekspozitsiyaga Ikkinchi Renessans, temuriylar, xonliklar davri va zamonaviy davr ham qamrab olinadi.

