Buxoro so‘zanalari: o‘zbek kashtachiligining nafis namunasi

Buxoro so‘zanalari: o‘zbek kashtachiligining nafis namunasi

O‘zbek an’anaviy kashtachilik buyumlari (yopinchiqlar — choyshab, gulkoʼrpa, roʼyijo, bolinpoʼsh, takyapoʼshlar va boshqa) Buxoro xalq san’atining nafisligi va mahorati ramziga aylangan. Ularning nomi "so’zan" (igna) so‘zidan olingan bo‘lib, har bir asar qo‘lda, mehr va sinchkovlik bilan yaratilganini ta’kidlaydi.

 

Bugunda XVIII-XIX asrlarga oid Buxoro so‘zanalarining nodir namunalarini Italiya muzeylarida ko‘rish mumkin. Bu durdonalar naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi: doira, gul kompozitsiyalari, afsonaviy daraxtlar, quyosh va abadiy hayot ramzlari. Syujetlari ham chuqur ma’noga ega. So’zanalar tumor vazifasini bajargan: to‘ylar, farzandlarning tug‘ilishi, bayramlarda keng foydalanilgan, uyga baxt olib kiruvchi sifatida qaralgan.

Buxoro so‘zanalari: o‘zbek kashtachiligining nafis namunasi

Kashtachilik o‘zbek oilalarida avloddan avlodga o‘tib kelgan. Hunarmandlar tabiiy bo‘yoqlar, ipak va paxta iplaridan foydalanib, yorqin, jonli matolar yaratgan, ularning har bir guli, har bir naqshi kashtachi qalbining bir qismini aks ettiradi. 

 

Italiya kolleksiyalarida o‘zbek so‘zanalarining paydo bo‘lishi XIX asrda Sharq to‘qimachiligiga bo‘lgan qiziqish bilan bog‘liq. Yevropalik kolleksionerlar nafaqat asarlarning badiiy darajasiga, balki ularning madaniy o’ziga xosligiga ham qoyil qolishgan. Bugungi kunda Buxoro so‘zanalari jahon amaliy bezak san’atining durdonalari hisoblanadi.

 

Material "O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida" ("O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumi, 32-jild,) kitobi asosida tayyorlandi. Kitob World Society for the Study, Preservation and Promotion of the Cultural Legacy of Uzbekistan (WOSCU) xalqaro loyihasi doirasida chop etilgan. Kitob-albom bilan kutubxonalar, muzeylar va loyihaning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin: www.woscu.org.

 

WOSCU axborot xizmati