O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya 16-19 mart kunlari Kuvaytdagi hamkorlik safari davomida “Kuvayt Islom merosi uyi”, “As-Salom qasri muzeyi”, “Islom xattotlik muzeyi”, “Toriq Rajab muzeyi” faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.
Safar davomida Toriq Rajab muzeyi eksponatlari orasida Buxoro amiri va uning qarindoshlariga tegishli taqinchoqlar, turli zargarlik buyumlari, qadimiy liboslar, qurol-yarog‘lar, hunarmandchilik ashyolari, matolar, shisha idishlar, islom olamining turli davrlari va jug‘rofiyasiga mansub bo‘lgan xattotlik namunalari, kalligrafiya durdonalari, shuningdek, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrda ko‘chirilgan nusxalari, Shayboniylar davriga oid miniatyuralar va ko‘plab eksponatlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Kuvayt davlati poytaxti al-Kuvayt shahrida joylashgan Toriq Rajab muzeyi 30 000 dan ortiq qadimiy va zamonaviy buyumlardan iborat shaxsiy kolleksiyani o‘z ichiga oladi. 1980 yilda faoliyatini boshlagan muzeyga kuvaytlik tadbirkor Toriq Sayyid Rajab tomonidan asos solingan. Hozirda muzey direktori Ziyad Rajab.
Muzey eksponatlaridan o‘rin olgan yurtimizga xos zargarlik buyumlari haqida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunos Akbar Hakimov shunday deydi:

– Eksponatdagi zargarlik buyumlari orasida an’anaviy Buxoro maktabiga xos “sirg‘alar” va turkman zargarlik san’atiga xos “bilakuzuk” - turkmancha “bilezik” deb nomlanadigan buyum joylashgan. “Tillaqoshlar” esa Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Marg‘ilon markazlarida ishlab chiqarilgan tillaqoshlarga juda ham o‘xshaydi va ularni o‘zbek zargarlik maktabi mahsuloti, deb aytishimiz mumkin. O‘zbekiston hududida ushbu buyumlarning mavjudligiga hech qanday shubha yo‘q. Ular juda yuqori mahorat bilan ishlangani Buxoroning saroy san’ati uchun xizmat qilgan zargarlarga taalluqliligiga dalolat qiladi. Bu buyumlar mulyaj sifatida buyurtma asosida bajarilsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi “O‘zbek xonliklari davri” ko‘rgazma zallarining ekspozitsiyasini yanada boyitardi.
Muzey direktori Ziyad Rajabning aytishicha, uning onasi, asosan, zargarlik buyumlarini, otasi esa sopol va metall buyumlarni to‘plagan. Ular aynan O‘zbekiston hududi va tarixiga qiziqqanligi sababli muzeyda ushbu manzildan keltirilgan artefaktlar ko‘plab topiladi.
WOSCU axborot xizmati
