O‘zbekiston hududida musiqa san’ati tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Buni yaqqol isbotlovchi 3300 yillik tarixga ega bo‘lgan nay Samarqand yaqinidagi Mo‘minobod qishlog‘ida topilgan.

Mazkur nay nafaqat yurtimizdagi, balki Sharq cholg‘u asboblari rivojlanishining ildizlariga oid muhim ma’lumot manbai sanaladi.
1964-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida bronza-jez davriga oid qazishmalar olib borilgan. Mo‘minobod qishlog‘idagi arxeologik tadqiqotlar davomida suyakdan yasalgan nay, sopol parchalari va boshqa buyumlar topilgan. Hatto qabrdagi chaqaloq qo‘llaridagi qo‘ng‘iroqsimon zirak va boshqa bezaklar bu hududda o‘sha davrda hunarmandchilik va san’at taraqqiy etganligini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda ushbu nay Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyida saqlanmoqda. Shuningdek, nay haqidagi ushbu tarixiy merosni yoritish maqsadida hujjatli film tayyorlanishi va nayning zamonaviy nusxasi yaratilishi rejalashtirilgan.
