Rossiya imperiyasi poytaxtida masjid qurish masalasi birinchi marta 1798 yilda musulmon harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘tarilgan, ammo o‘shanda "Peterburgda musulmonlarga ibodat uyi inʼom etish va qabriston uchun joy ajratish to‘g‘risida"gi iltimos Pavel I tomonidan qondirilmagan. Keyinchalik musulmon ruhoniylari shahar hokimiyatiga to‘rt marta - 1861, 1867, 1881 va 1882 yillarda takroriy murojaat qilishdi, ammo ularning barchasi natijasiz yakunlandi.
Shunga qaramay, shahar musulmon jamoasi A. Bayazitov va M.Sh. Yunusov tomonidan masjid qurilishi uchun zarur mablag‘larni yig‘ishga ruxsat oldi. 1905 yil yanvariga kelib, masjid qurilishi masalasida hal qiluvchi burilish yuz berdi, yig‘ilgan xayr-ehsonlar miqdori 51 183 rublni tashkil etdi. Biroq Sankt-Peterburg jome masjidi binosiga tamal toshi qo‘yish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar muvaffaqiyat bilan yakunlanishida aynan Buxoro amiri Said Abdulahadxonning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. U imkonsiz ishni amalga oshirdi - Nikolay II ning roziligini oldi va poytaxtning tarixiy markazida qurilish uchun yer sotib olishga 500 ming rubl ajratdi.
Internetda 1905 yildagi rublning xarid qobiliyati hisoblab chiqildi. Bugungi kunda bir rubl taxminan 43 dollarga teng. Shunday qilib, Abdulahadxon yerni sotib olish uchun taxminan 21,5 million dollar mablag‘ ajratgan. Xayriyalar yordamida yana 2,2 million dollar yig‘ilgan. Ushbu mablag‘lar dastlabki bosqichda to‘plangan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida ( XII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
